Jumladan, o‘g‘rilik jinoyatchiligi o‘zining yashirin usulda o‘zganing mol-mulkini egallab olish va talon-taroj qilish kabi xatti-harakatlardan iborat bo‘lib, u jamiyat hayotida keng tarqalgan jinoyatlardan biri hisoblanadi. Jamiyat va davlat rivojlanishiga qarab o‘g‘rilik jinoyatchiligi turli xil shakllarda namoyon bo‘lib boraveradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish va mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab bo‘layotgan muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son Qarori qabul qilingan bo’lib, ushbu qarorda O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi bilan belgilangan mas’ul idoralar va muassasalar uchun 2025 yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi. Shuningdek, mazkur qarorda o‘ziga ishlab mexanizmlari joriy etilishi belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
2024 yilda jinoyat sodir etilgan har bir mahallada kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilishning mahallalar kesimida choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilagan holda mahalla – tuman – viloyat darajasida uning ijrosi uchun bevosita mas’ul rahbarlarni biriktirish va aniq sohaviy javobgarlikni yuklash;
kriminogen vaziyat og‘ir mahallalarda ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli o‘rganishlarni o‘tkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan asl omillarni aniqlash va barham berish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish;
mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq mas’uliyatini belgilash, ushbu toifadagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublarini tatbiq qilish;
aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni hal etishga jamoatchilik vakillari, nuroniylar va mahalla faollarini keng jalb etib borish;
mahallalar jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish;
mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha har bir mas’ul idora va muassasa tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijalari yuzasidan qat’iy so‘rov tizimini yo‘lga qo‘yish hamda ushbu masalaga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga ta’sir choralarini ko‘rib borish.
O‘g‘rilik jinoyatchiligining ijtimoiy xavfliligi aynan o‘zganing mulki yashirin ravishda talon-taroj qilinishida ifodalanadi. Hozirgi kunda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yish va mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etishda o‘g‘rilik jinoyatchiligini barvaqt oldini olish ham ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda Respublikamizda o‘g‘rilik jinoyatini sodir etganlar soni 2020 yilda 4917 ta (erkaklar), 637 ta (ayollar), 2021 yilda 9224 ta (erkaklar), 1469 ta (ayollar), 2022 yilda 8867 ta (erkaklar), 1550 ta (ayollar), 2023 yilda 8441 ta (erkaklar), 1525 ta (ayollar), 2024 yilda esa 7951 ta (erakaklar), (ayollar) 1327 tani tashkil qiladi.
O‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilishdan iborat bo‘lib, o‘g‘rilik jinoyatchiligi o‘ziga xos jinoyatchilik sabablari, sharoitlari va omillariga ega bo‘ladi.
O‘g‘rilik sodir etishga ta’sir qiluvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillar sirasiga, shaxslararo konfliktlar, shuningdek, huquq, qonunga nisbatan hurmatsizlik, jinoyatni sodir etishga ko‘maklashuvchi omil deb tan olinadi. Jamiyatning axloqiy ustunlarini buzilishi ham o‘g‘rilik sodir etishga ko‘maklashuvchi omil deb ko‘satiladi. Ishsizlik o‘g‘rilikni sodir etishga ko‘maklashuvchi iqtisodiy omil sifatida e’tirof etiladi.
Umuman jinoyatchilikka ta’sir qiluvchi, axloqiy-ruxiy omillarga, jamiyatning axloqiy ustunlarini buzilishini aytish mumkin. Masalan, ba’zi jinoyatlar alkogol mastlik holatida sodir qilinsa, ammo aksariyat o‘g‘riliklar hushyor holatda sodir qilinadi.
O‘g‘rilik jinoyatchiligida jinoyat qurbonning viktim xulq-atvori o‘g‘rilik sodir etishning muhim sababi bo‘lib hisoblanadi. Shu kabi sabab sifatida o‘zaro shaxslar o‘rtasida g‘arazli yomon munosabatlar ham borligini aytish mumkin. O‘g‘riliklarni sodir etish sabablari sifatida moddiy boylik orttirish istagi mavjudligi aksariyat hollarda muhim sabablardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, yuqorida aytilgan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son Qarorida huquq-tartibot idoralarining ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalari tomonidan jinoyat sodir etilgan mahallalarda ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganishlar o‘tkazish kabi chora tadbirlar belgilandi. Bunda bevosita joylarga chiqqan holda:
jinoyat sodir etilayotgan mahallalardagi kriminogen vaziyatga ta’sir qilayotgan asl omillarni o‘rganish hamda ularning xususiyatlaridan kelib chiqib, manzilli profilaktika tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan ilmiy asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish va “yo‘l xaritalari”ga kiritish;
mahallalardagi kriminogen vaziyatga ta’sir qilayotgan asosiy omillarni hisobga olgan holda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha manzilli metodikalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, shuningdek, buning natijalari yuzasidan biriktirilgan ilmiy tashkilot va ta’lim muassasalaridan sohaga mas’ul idoralar bilan teng ravishda so‘rov qilish choralarini ko‘rish belgilandi.
Yuqoridagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son Qarorida belgilandan vazifalar va chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali bajarish nafaqat o‘g‘rilik jinoyatchiligini, balki boshqa jinoyatchilik turlarini barvaqt oldini olishga va ular sonining keskin kamayishiga olib keladi.
F.Xudaykulov,
TDYU Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish
kafedrasi professori v.b., yu.f.d (DSc)









