Markaziy saylov komissiyasida “Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati: Yangi Oʻzbekiston – yangilangan Konstitutsiya.” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining xorijiy qatnashchilar delegatsiyasi irshtirokida “Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Davra suhbatida MSK raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev tadbir ishtirokchilariga referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli va bosqichma-bosqich ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.

Tadbirda qayd etilganidek, parlament palatalarining birgalikdagi vakolatlaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati oʻz yalpi majlislarida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdi va Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish sanasini 202-yil 30-aprelga belgilangandi.

“Oʻzbekiston Respublikasi Referendumi toʻgʻrisida”gi qonunning 13-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis palatalari referendumga kiritilgan masala matnini maʼqullab, boʻlajak referendum byulletenida “Siz “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?” deb shakllantirishga qaror qildi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ishlar Markaziy saylov komissiyasiga yuklanganini alohida taʼkidladi, davra suhbati ishtirokchilarini mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirib oʻtdi.

Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilari muhokamasiga milliy maʼruzachilarning maʼruzalari taqdim etildi. “UZINFOCOM” MCHJ bosh direktori oʻrinbosari A.Mansurov saylov jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish masalalari boʻyicha, referendum oʻtkazish boʻyicha 14-Toshkent shahar va 8-Sirdaryo okrug komissiyalari raislari esa referendum oʻtkazuvchi okrug komissiyalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida soʻz yuritdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari MSK tomonidan fuqarolarni, referendum ishtirokchilarini, ommaviy axborot vositalari orqali referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida, ovoz berish muddati va tartibi, referendumda ishtirok etish harakatlari, Oʻzbekiston Respublikasining referendum toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari yuzasidan xabardor qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirib oʻtdi.

Oʻz navbatida xorijlik ekspertlar ham saylov sohasidagi xalqaro, amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha oʻz fikr va tavsiyalarini bildirdi. Referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq ayrim masalalar muhokama etildi.

Bahor Xidirova,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri