O'zbekiston Kinematografiya agentligi va kinosanoati vakillari muassisligida O'zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi o'z ishini boshladi. Markaz nodavlat notijorat tashkilot bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi "Kino san'ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida"gi 6202-sonli Farmoniga asosan tashkil etildi.
O'zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi quyidagi vazifalarni o'z ichiga oladi:
- Kino san'atini jamiyatning ma'naviy, madaniy-ma'rifiy hayotida, jumladan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda strategik manba sifatida shakllantirish;
- Kino sanoatini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini bozor tamoyillari asosida takomillashtirish, shuningdek, xorijiy kinokompaniyalarni mamlakatga jalb qilish va hamkorlikda fil`mlar ishlab chiqarishni rivojlantirish;
- Kino sanoatini iqtisodiyotning alohida tarmog'i sifatida rivojlantirish, zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnik bazaga ega infratuzilmani yaratish;
- Kinematografiya sohasida kadrlar tayyorlash, kino ijodkorlari va texnik xodimlari malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
- Milliy seriallar ishlab chiqarishni davlat tomonidan rag'batlantirish, animatsion fil`mlar ishlab chiqarishga yosh mul`tiplikator va animatorlarni keng jalb qilish;
- Sohada mualliflik huquqining kafolatli himoya qilinishini ta'minlash, kinoprokat tizimini rivojlantirish va milliy fil`mlarni jahon kino bozorlariga olib chiqish va boshqalar.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati