Oʻzbekistonda noqonuniy tamaki mahsuloti aylanishiga qarshi faol kurash bormoqda

    Jizzax, Toshkent, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda aksiz markasi boʻlmagan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasining oldi olindi.

    Qayd etilishicha, Jizzax viloyatida Bosh prokuratura viloyat boshqarmasi, IIB va Milliy gvardiya boshqarmasi ishtirokidagi qoʻshma tadbir davomida, markaziy dehqon bozorida er-xotin fuqarolar qoʻlga olingan. Ulardan umumiy qiymati 129,9 mln soʻmga teng, 17 nomdagi 8220 quti aksiz markasi boʻlmagan tamaki mahsuloti olib qoʻyildi.

    Toshkentning Yashnobod tumanida noqonuniy tamaki mahsulotlari savdosiga aloqador fuqaro qoʻlga olindi. Undan 42,3 mln soʻmlik 1534 quti tamaki mahsuloti musodara qilindi.

    Surxondaryo viloyatida Bosh prokuratura viloyat boshqarmasi, Milliy xavfsizlik xizmati va IIB ishtirokidagi qoʻshma amaliyot bir fuqaro Joyjangal MFYdagi oʻz uyida umumiy qiymati 151,1 mln soʻm boʻlgan, 19 nomdagi 5964 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini saqlayotgani aniqlandi.

    Andijon viloyatida Departament Andijon shahar boʻlimi va soliq inspeksiyasi hamkorligida oʻtkazilgan tergovoldi tekshiruvi natijasida muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan fuqaro va uning hamtovogʻi qoʻlga olindi.

    Aniqlanishicha, ular Bogʻishamol qishlogʻidagi doʻkonda tegishli hujjatlarsiz umumiy summasi 38,3 mln soʻm boʻlgan 38 nomdagi 1974 quti tamaki mahsulotlarini sotishgan.

    Barcha aniqlangan holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

    Qayd etish kerakki, 2024-yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotining salmoqli qismi “yopiq”ligicha qoldi, yaʼni rasmiy statistikada inobatga olinmadi. Ushbu “yopiq iqtisodiyot” norasmiy (roʻyxatga olinmagan) va yashirin (noqonuniy) faoliyatdan tashkil topgan va uning umumiy hajmi ulkan summa – 505 trln soʻmni tashkil qiladi.