Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlovchi markaz faoliyat boshladi

    Markazning asosiy maqsadi bugungi kunda Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash jarayonidagi sifat nazoratini taʼminlashdan iborat.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hududida Oʻzbkiston va Ummon sultonligi hamkorligidagi qishloq xoʻjaligida qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish va oziq-ovqat sanoatida sifat nazoratini taʼminlash boʻyicha laboratoriya tizimini ham qamrab olgan yirik yangi agroxizmat markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Markazning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov, Ummon sultonligi vakillari, diplomatlar, Agroxizmatlar markazlari rahbarlari va tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Mazkur markazning asosiy maqsadi bugungi kunda Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash jarayonidagi sifat nazoratini taʼminlashdan iborat.

    Bundan tashqari mahsulotni yetishtirish jarayoni, yaʼni, suv, tuproq tahlillari va mahsulotni qayta ishlashda turli xil qoʻshimcha qoʻshiladigan ximiyaviy moddalar va ingredientlar jarayonni toʻgʻri xalqaro standartlarga javob berishini taʼminlashga qaratilgan hamda uni nazoratini amalga oshiradigan laboratoriya hisoblanadi.

    Taʼkidlash oʻrinliki, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda Oʻzbekistonda dastlabki akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro markaz sifatida tan olingan. Ushbu laboratoriyada “Organik”, “Globalgap ”, “Halol”, “ISO” kabi xalqaro sertifikatlar berilishi boshlanadi.

    Ushbu markaz bosh ofisi Ummonda joylashgan “Atyab International Services” tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali sifatida tashkil etildi.

    “Atyab International Services” qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatida mingga yaqin turdagi xizmatlarni koʻrsatadi.

    Tashkilot laboratoriyalari xalqaro akkereditatsiyadan oʻtkazilgan boʻlib, laboratoriyalar imkoniyatlari qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibidagi barcha moddalarni aniqlash imkonini beradi. Aytish mumkinki, ushbu markaz Oʻzbekistondagi import yoki eksport qilinayotgan mahsulotlarning sifat darajasini yuqori aniqlikda tahlil qiluvchi ilk xizmat koʻrsatish markazidir.

    Ushbu markazda tadbirkorlar uchun katta qulaylik yaratilgan. Endilikda eksport bilan shugʻullanadigan tadbirkorlar eksport qilinadigan mahsulotlar uchun jahon bozorida talab qilinadigan sertifikatlarni ushbu markazdan olishlari mumkin.