Tadqiqotlar Xitoy Fanlar akademiyasi Qazilmalar va paleoantropologiya instituti olimi Xinying Chjou rahbarligida hamda Yahyo Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti arxeologlari ishtirokida amalga oshirildi.

Qazishmalar jarayonida qadimiy tosh oʻroqlar, yovvoyi donlarning urugʻlari hamda ularga ishlov berishda foydalanilgan mehnat qurollari aniqlandi. Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga koʻra, ushbu topilmalar qariyb 9 ming 200-yil avvalgi davrga oid. Xalqaro tadqiqotchilar guruhi aniqlashicha, mazkur kashfiyot mintaqaning qadimiy aholisi ovchilik va terimchilik bilan bir qatorda ilk dehqonchilik amaliyotlaridan ham foydalanganini koʻrsatadi.

Germaniyadagi Geoantropologiya instituti ilmiy xodimi Robert Shpenglerning taʼkidlashicha, bu topilmalar dehqonchilikning yagona hududda emas, balki dunyoning turli mintaqalarida, jumladan Yevroosiyoda ham mustaqil ravishda shakllanganini tasdiqlaydi. Arxeologik qazishmalar davomida nafaqat oʻsimlik qoldiqlari, balki tosh pichoqlar, oʻroqlar va yovvoyi arpaga ishlov berish uchun moʻljallangan boshqa asboblar ham topilgan. Ularning yuzasida gʻalla poyalarini oʻrish va qayta ishlash jarayonlariga oid izlar saqlanib qolgan.

Arxeologlarning maʼlum qilishicha, xuddi shunday qurollar Levant hududi hamda Qirgʻizistondagi Obishir-5 manzilgohida ham uchraydi. Bu esa qadimgi dehqonchilik anʼanalari bir necha hududlarda oʻz-oʻzidan paydo boʻlganini ilmiy asoslaydi. Ushbu kashfiyot nafaqat Oʻzbekiston tarixida, balki insoniyatning ilk agrar madaniyatini oʻrganishda muhim ilmiy dalil sifatida katta ahamiyat kasb etadi.