Mamlakatimizda har yili 27,8 ming tonna bodom ishlab chiqariladi.
Shuningdek, bu yil respublika boʻyicha fermer va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 2,6 ming gektar bodom bogʻlarini barpo etish rejalashtirilgan boʻlib, joriy yil bahor faslida 1,9 ming gektarga bodom bogʻlari tashkil qilindi. Qolgan 699 gektar maydonga esa oktyabr-noyabr oyilarida koʻchatlar ekiladi.
Hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olib, bodom yetishtirish boʻyicha ixtisoslashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ, Mirishkor, Kasbi tumanlari, Namangan viloyatining Kosonsoy, Pop, Chust, Yangiqoʻrgʻon tumanlari, Samarqand viloyatining Qoʻshrobod tumani, Surxondaryo viloyatining Jarqurgʻon, Sariosiyo tumanlari, Jizzax viloyatining Gʻallaorol, Zomin, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarining ayrim hududlari bodom yetishtirishga ixtisoslashtirilgan.
Yorugʻsevar, turli iqlimga moslashuvchan bodom ixtisoslashtirilgan hududlardan tashqari, Fargʻona vodiysida, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida, Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida keng tarqalgan. Bodom daraxtining boʻyi baland, shox-shabbasi piramida shaklida yoki tarvaqaylagan boʻladi, ildiz tizimi baquvvat, 6 metr chuqurlikkacha tarqalib oʻsadi. Bodom daraxtlari odatda 6-8 metrgacha boʻladi. Ayrim hollarda daraxtining balandligi 12 metrgacha boʻlishi mumkin.
U qurgʻoqchilikka juda chidamli boʻlib, joy tanlamaydi, suvsiz, toshloq va togʻning unumsiz yonbagʻirlarida ham yaxshi oʻsadi.
Bodom koʻchati kuzda yoki erta bahorda ekiladi. U yorugʻlikka talabchan boʻlganligi sababli salqin joylarda yaxshi oʻsmaydi, tarkibida ohagi boʻlgan soz tuproqlarda yaxshi rivojlanadi.
Bodom eng erta, boshqa mevali daraxtlardan oldin – fevral va mart oyining boshlarida gullaydi, shuning uchun tekisliklarda bahorgi sovuqlar uni zararlaydi. Bodom mevasi avgust-sentyabr oyida pishadi. Bodom 3-4 yoshidan hosilga kiradi, 12-18 yoshidan 35-40 yilgacha yaxshi hosil beradi. Yaxshi parvarishlansa, 60-100-yil yashab, hosil berishi mumkin.
Bodom qishki sovuqlarga chidamli boʻlishiga qaramay, bahorning oxirlarida sovuq havo kelishi doimiy kuzatiladigan joylarda faqat gullashni kechroq boshlovchi navlar tanlanishi ishonchliroq boʻladi.
Bodomning “Goʻzal”, “Tyan-shan” mahalliy navi, kech gullaydigan “Boʻstonliq”, kech gullaydigan “Nikitin”, “Ugom”, “Yupqa poʻchoq”, “Yalta”, “Malika”, “Zarina”, “Qilichnusxa”, “Oʻzbek gʻalviragi” kabi navlari yuqori sifatli istiqbolli sifatida ekishga tavsiya qilinadi.
Bodom hosilini yigʻish davri mintaqa va yetishtirilayotgan navga qarab oʻzgaradi. Mamlakatimizda bodom hosili asosan iyul oyi oʻrtalaridan boshlab avgust va sentyabr oylarigacha davom etadi.