Brifingda qayd etilganidek, Reklama munosabatlari O'zbekiston Respublikasining “Reklama to'g'risida”gi qonunu va boshqa 10 ga yaqin qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.  Tadbirkorlik va iste'molchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobatga va noto'g'ri reklamaning oldini olish maqsadida Agentlik tomonidan joriy yilning o'tgan davri mobaynida 19  mingdan ziyod o'rganishlar o'tkazilgan bo'lib, shundan 10 ming holatda turli kamchiliklar aniqlangan va ularni tezkor bartaraf etish choralari ko'rildi. Agentlik tomonidan dori vositalari, biologik faol qo'shimchalar va boshqa davolash preparatlari, rag'batlantiruvchi tadbirlar, nodavlat ta'lim va xorijda o'qish xizmatlarini ko'rsatish, davolash, tibbiy xizmat va diagnostika xizmatlarini ko'rsatish bilan bog'liq reklamalar bo'yicha ham o'rganishlar o'tkazildi.

Shunindek, reklama qilinishi qonun bilan taqiqlangan yoki cheklangan mahsulotlar, xususan tamaki, elektron sigaretalar, energetik ichimliklar, alkogol, pivo, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o'yinlar reklamasi bo'yicha aniqlangan holatlar bartaraf etilishi ta'minlandi.  Misol uchun, ommalashib borayotgan totalizator va bukmekerlik faoliyati reklamasi. Ma'lumki, bugungi kunda respublikamizda totalizator va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish va  bunday xizmatlarni reklama qilish noqonuniy hisoblanadi. SHu maqsadda o'tkazilgan 385 ta o'rganishlarda 168 ta holatda bunday xizmatlar reklamasi aniqlangan va ularning barchasi bartaraf etilgan.  Natijada Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda 10 dan ortiq totalizator va bukmekerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish cheklab qo'yildi. Bu sohadagi ishlar davom etmoqda.

Atrof muhitni muhofaza qilish, shahar muhitini va tashqi ko'rinishini ozoda saqlash barchamizning burchimizdir. Lekin, ayrim shaxslar tomonidan o'zboshimchalik bilan o'z reklamalarini daraxtlarga osib qo'yish holatlari bo'yicha aniqlangan 2700 dan ortiq reklamalar zudlik bilan olib tashlandi.

Bundan tashqari, moddiy madaniy merosning 1 ming 50 ta ko'chmas mulk ob'ektlarida o'tkazilgan o'rganishlarda 131 ta holatda joylashtirilgan turli reklamalar ham tartibga keltirildi. O'tkazilgan o'rganishlarda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 76 ta ish qo'zg'atildi va tegishli ko'rsatmalar berildi.

Shu bilan birgalikda noto'g'ri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste'molchiga 104 mln so'm miqdorda etkazilgan ziyon to'liq hajmda qoplanib berildi.