Ularda CO2 ning hozirgi emissiyasi bilan bir qatorda kelajakdagi ehtimoliy ortishi (aholi sonining o'sishi va tegishli xizmat va sanoat tarmoqlari hisobiga) ham inobatga olingan.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O'zbekistonda CO2 emissiyasi baholanib, ishlab chiqilgan stsenariylarning har biri CO2 emissiyasining turlicha yillik qisqarishini nazarda tutadi. Bunda vaqt o'tishi bilan o'zgaradigan omillar ham hisobga olingan (muddat qancha uzoq davom etsa, demografik o'sish va tegishli omillarning ta'siri shuncha katta bo'ladi).
1. Optimistik stsenariy (2050-y.) - CO2 chiqindilarining yillik qisqarishi 5,9 million tonnani tashkil qilishi zarur.
2. Bazaviy stsenariy (2060-y.) – CO2 chiqindilarining yillik qisqarishi 4,8 million tonnani tashkil qilishi zarur.
3. Pessimistik stsenariy (2070-y.) - CO2 chiqindilarining yillik qisqarishi 4,2 million tonnani tashkil qilishi zarur.
Ushbu mezonlarni inobatga olgan holda, O'zbekiston uchun eng maqbul stsenariy 2060-yilgacha uglerod neytralligiga erishishni nazarda tutuvchi bazaviy stsenariy hisoblanadi. Ushbu stsenariy muvozanatli siyosat va mamlakatning “yashil” rivojlanishga silliq o'tishiga asoslanadi, shuningdek, CO2 emissiyasini yiliga 4,8 million tonnaga (3,1 million tonna sof pasayish va 1,7 million tonna qo'shimcha talab) kamaytirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, bazaviy stsenariy, boshqalari singari asosiy shartlar - mamlakatda qabul qilingan muhim strategik hujjatlar (masalan, O'zbekiston Respublikasida 2030-yilgacha “yashil” iqtisodiyotga o'tish va “yashil” o'sishni ta'minlash dasturi) va ularda ko'rsatilgan maqsadlar, shuningdek, muqaddam boshqa idoralar tomonidan uglerod neytralligiga erishish bo'yicha ishlab chiqilgan reja va prognozlarga asoslanadi.
Shu bilan bir qatorda, bazaviy stsenariy eng maqbul variant hisoblanadi va bir qator boshqa mamlakatlardagi o'xshash ko'rsatkichlarga mos keladi. Dunyoning bir qator mamlakatlari (masalan, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Qozog'iston) 2050-2060 yillargacha bo'lgan davrni uglerod neytralligiga erishishning oxirgi muddati sifatida belgilagan.