Unda 2019-2030-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasida tabiiy resurslarni asrab-avaylash, iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkor vositalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kuchaytirish, umuman, sanoatlashtirishni yoʻqotishlarsiz amalga oshirishga qaratilgan qator choralar, xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda “Ekologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilgani, korporativ va chakana, kichik va oʻrta biznes toifasidagi mijozlar uchun “yashil” kreditlar joriy etilgani xususida soʻz bordi.
– ESG tamoyillari va energiya siyosati asosida ish yuritish bankning mijozlar va hamkorlar bilan “yashil” iqtisodiyot mezonlari asosida hamkorlik qilishini nazarda tutadi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi oʻrinbosari Farrux Abdurahmonov. – Mazkur hujjatlarga koʻra, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi umumjahon miqyosda kuzatilayotgan global muammolar yechimi oʻrganiladi. Bu bankning iqlim oʻzgarishi darajasini pasaytirish borasidagi saʼy-harakatlari natijadorligini oshirishga, katta miqdorda mablagʻ va resurslarni tejashga xizmat qiladi.
Joriy yilning oʻtgan davrida bank tomonidan 410dan ziyod “yashil” loyihalar moliyalashtirildi. Natijada qariyb 800 ming MVt elektr energiyasi, 38 ming metr kub suv, 107 ming metr kub tabiiy gazni tejashga hamda atrof-muhitga chiqayotgan issiqxona gazlarini 320 ming tonnaga qisqartirishga erishilib, 6 800ga yaqin ish oʻrni yaratildi.
Tadbirda bankning ijtimoiy-ekologik dasturlardagi ishtiroki xususida ham soʻz yuritildi.
– Ekotizimni saqlash va mustahkamlashda har bir shaxs daxldorlik his-tuygʻulari bilan yashashi, hissa qoʻshishi hayot-mamot masalasidir, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning “Green banking” departamenti direktori Bobur Sultonmurodov. – Bankimiz jamoasi Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Yashil makon”, “Dolzarb 40 kunlik” hamda “Avtomobilsiz kun” singari koʻplab jamoat loyihalarida faol qatnashib kelmoqda. Xususan, “Yashil makon” loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida jami 90 ming tup, kuzgi koʻchat ekish tadbirida 76 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta koʻchatlari ekildi. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi togʻ va togʻ oldi hududdagi 11 gektar yer maydoniga 5,5 ming tup bodom koʻchati, poytaxtimizdagi “Barhayot” mahallasida esa, 200 tup mevali daraxt ekib, “Yashil bogʻ” yaratdi. “Zomin” qoʻriqxonasi hududini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida ishtirok etdi.
Anjumanda bank rahbariyati hamda Davlat ekologik ekspertizasi markazi mutaxassislari, jurnalistlar ishtirok etib oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Shuningdek bank faoliyatida barqaror “yashil” iqtisodiyotni barpo etishga koʻmaklashish saʼy-harakatlari davomli ekanligi taʼkidlandi.