Jahon tajribasiga ko'ra, uy-joy sektori etkazib beriladigan issiqlik energiyasining 40 foizgacha qismini iste'mol qiladi.
1960-1990 yillar oralig'ida qurilgan binolarda isitish uchun foydalaniladigan issiqlik energiyasining 30 foizgacha qismi yo'qoladi.
"Ekoqurilish”da bino va inshootlar termoizolyatsiyasida ekologik materiallardan foydalanishga asoslangan innovatsion “yashil” texnologiyalar keng joriy etilmoqda.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan yurtimizda ekologik bazal`tdan foydalanish imkoniyatlari bo'yicha o'tkazilgan tadqiqotga ko'ra, O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va bazal`tdan tayyorlangan energiya tejamkor va o'tga chidamli “yashil” tolali materiallar, to'qimalar, armatura va boshqa mahsulotlar ushbu innovatsion tendentsiyaga mos keladi.
Bazal`tning asosiy afzalliklari:
– ekologik toza va issiqlikka bardoshli (zaharli moddalarni chiqarmaydi);
– tashqi salbiy ta'sirlarga chidamli;
– uzoq muddat foydalanish mumkin va mustahkam.
Respublikadagi 10 ta konda bazal`t jinslarining aniqlangan zaxirasi 44 million tonnani tashkil etadi va uning 52 foizi Jizzax viloyatida joylashgan. Shuningdek, Namangan, Navoiy, Samarqand viloyatlarida ham bazalt konlari mavjud.
Mamlakatimizdagi 6 ta korxonada bazal`tdan 60 ming tonnadan ortiq ekologik mahsulot, jumladan, bog'lovchi polimerlar bilan to'yintirilgan bazal`t iplardan diametri 4 dan 32 millimetrgacha bo'lgan qurilish armaturalari ishlab chiqarilmoqda.
Respublikada 31 mingta ko'pqavatli uyni yonmaydigan ekologik bazal`t plitalar bilan qoplab chiqishga qaratilgan dastur amalga oshirilmoqda. “Yashil” renovatsiyada bazal`t izolyatsiyasidan foydalanish energiya yo'qolishi va issiqxona gazlari emissiyasini sezilarli darajada kamaytiradi.
Bazal`t xomashyosining sezilarli resurs salohiyati, ichki va jahon bozorida talabning mavjudligi, xomashyo qazib olish va material ishlab chiqarishning ekologik tozaligi hisobga olinsa, bazal`t asosidagi mahsulotlarni ishlab chiqarishning hajmi va turini kengaytirish “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish uchun istiqbolli yo'nalish hisoblanadi.