2024–2025-yillarda bir qator siyosiy partiyalar fraksiyalari, Markaziy bank hamda tegishli vazirliklar tomonidan yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi va hozirda parlament darajasida muhokama qilinmoqda.
Shu o’rinda savol paydo bo’ladi, - Islomiy moliyani joriy etishni talab qilayotgan qanday huquqiy masalalar mavjud?
1.Eng asosiy jihat bu banklarning savdo faoliyati bilan shug‘ullanishi bo‘yicha cheklovlardir.
Islom moliyasida eng ko‘p qo‘llaniladigan instrumentlardan biri — murabaha (bankning tovarni sotib olib, mijozga ustama bilan sotishi). O‘zbekiston qonunchiligida esa tijorat banklari savdo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shug‘ullanishi mumkin emas. Bu normalarni qayta ko‘rib chiqish islomiy bank xizmatlari uchun zarur.
2.Sheriklik asosidagi moliyalashtirishga ruxsat
Islom moliyasida mushoraka va mudoraba kabi sheriklik modellariga keng o‘rin beriladi. Bu holda bank investor sifatida foyda va zararda bevosita ishtirok etadi. Amaldagi qonunchilik esa banklarning yuridik shaxslar ustav kapitalida qatnashishiga cheklov qo‘yadi. Qonun loyihasi ushbu cheklovni yumshatishni nazarda tutadi.
Keyingi eng muhim savol esa, - Islom moliyasidan kimlar ko’proq foyda oladi?
Tadbirkorlik nuqtayi nazaridan, deylik, Katta biznes va investorlar uchun Islom moliyasi bu real risk ehtimolini kamaytirish deganidir.
Aniqroq tushuntirsak, Sukuk (islomiy obligatsiya) - katta loyihalarni moliyalashtirish uchun sukuk chiqarish mumkin. Misol: yirik ishlab chiqaruvchi korxona 500 mln so‘mlik yangi zavod qurmoqchi. Bank yoki investorlar sukuk sotib olib, loyiha ustida sheriklik qiladi, foizsiz lekin kelishilgan foyda ulushida qatnashadi.
Bu investorlar uchun xavfsiz va shaffof investitsiya shakli hisoblanadi.
Yoki deylik, bu foizsiz sheriklik ko’rinishida ham bo’lishi mumkin. Loyiha daromadiga qarab foyda taqsimlanadi. Misol: sizda yangi loyiha bor va mazkur loyihani boshlash uchun sizga 50 mln sum miqdorda mablag’ kerak. Bank kelishuvga asosan daromaddan ma’lum bir ulushini oladi, qolganini loyiha egasi oladi. Zarur bo‘lsa, zarar ham shu ulush bo‘yicha taqsimlanadi. Biroq shuni unutmaslik kerakki zarar boshqacha ko’rinishda ham qoplanishi mumkin.
Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, Islom moliyasini jalb qilish bugundan boshlangani yo’q.
Boshlang‘ich tashabbuslar 2018-yilda Prezidentning qarori loyihasi tayyorlangan edi. Ushbu hujjatda islomiy moliya va bank tizimini yaratish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar belgilangan: foiz (riba) taqiqlanishi, foyda va zararni sheriklik asosida taqsimlash, takaful (islomiy sug‘urta), ijara (lizing), sukuk va boshqa moliyaviy operatsiyalarni normativ hujjat bilan tartibga solish.
O‘zbekistonda islom moliyasi nafaqat diniy talabni qondirish, balki iqtisodiyot, biznes va moliya tizimida yangi imkoniyatlar yaratish vositasi sifatida ko‘rilmoqda. Qonunchilik asoslari to‘liq shakllangach, bu tizim kichik va o‘rta biznes, yirik investorlar, moliya institutlari va davlat uchun barqaror foyda manbai bo‘lishi kutilmoqda.
Murodullayev Shohboz,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi o’qituvchisi








