Qarorga ko‘ra, “Yosh gvardiyachilar” bolalar va o‘smirlar sport maktab (BO‘SM)lari Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamda Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 1-son bolalar va o‘smirlar sport maktabi filiali negizida tashkil etilmoqda. Maktablar Milliy gvardiya tizimiga kiradi va yuqoridagi ikkita maktab uchun belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.
Quyidagilar sport maktablarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
– yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sog‘lom turmush tarziga targ‘ib etish va sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishlarini tashkil etish;
– notiqlik va yetakchilik xislatlariga ega, jismonan rivojlangan, chidamli, mard va jasur Vatan himoyachilarini, shuningdek, Milliy gvardiya uchun kadrlar rezervini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlashda ko‘maklashish;
– o‘quvchi-sportchilar va trenerlar tarkibining professional mahoratini oshirish uchun xorijiy sport maktablari va klublari bilan tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish.
Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:
– sport maktablari faoliyati Vazirlar Mahkamasining “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2010-yil 23-sentyabrdagi 211-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;
– sport maktabi direktorini lavozimga tayinlash Turizm va sport vazirligi bilan kelishilgan holda Milliy gvardiya tomonidan amalga oshiriladi;
– sport maktablari o‘quvchilarining mashg‘ulot davriga xalaqit bermagan holda Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlariga sport maktablarining sport inshootlaridan foydalanishi uchun ruxsat beriladi.
Ma’lumot uchun, ushbu hujjat joriy yilning 3-fevral sanasida Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va shu sanadan e’tiboran kuchga kirgan.