Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, XMT va YEXHT hamkorligida tashkil etilgan xalqaro videokonferensiyada mamlakatimiz vazirlik hamda idoralari vakillari, xususiy bandlik agentliklari rahbarlari, mehnat migratsiyasi va odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha xalqaro va milliy ekspertlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda XMTning hisob-kitoblariga koʻra, xalqaro muhojirlar soni dunyo boʻylab 272 mln. kishiga yetgan va ularning uchdan ikki qismi mehnat migrantlari hisoblanadi. Bu dunyo aholisining 3,5 foizidir. 2019-yilda muhojirlarning pul oʻtkazmalari 689 mlrd. AQSH dollaridan oshgan.
70 mlndan ortiq aholi yashaydigan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun asosiy masalalardan biri bu – yoshlar migratsiyasidir. Migratsiya nuqtayi nazaridan mintaqaning barcha mamlakatlarida umumiy xususiyatlarni kuzatish mumkin. Masalan, Qozogʻiston ish beruvchi davlat boʻlsa, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston asosan ishchi kuchi yetkazib beradigan davlatlar hisoblanadi.
Maʼlumotlarga koʻra, har yili 600 mingdan ziyod bitiruvchilar mehnat bozorida barqaror ish oʻrinlarini yaratishni talab qilmoqda va ularning aksariyati ish qidirayotganligi ushbu sohadagi ishlar yetarli darajada olib borilmayotganini koʻrsatadi.
Ushbu vaziyatdagi asosiy vazifalardan biri tartibli mehnat migratsiyasini tashkil qilishdir. 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasidagi mehnat migrantlari umumiy sonining 52 foizi 16-30 yoshdagi fuqarolar boʻlgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi sohasini liberallashtirish Oʻzbekiston mehnat migrantlariga xalqaro mehnat bozorining toʻlaqonli ishtirokchilariga aylanishiga imkon berdi. Xususan, qabul qilingan oʻndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlardan tashqari, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish sohasida ikki tomonlama hukumatlararo bitimlar tuzildi. Xalqaro standartlar asosida yangi qonunlar ishlab chiqilmoqda va mavjudlariga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ish beruvchi tomonidan mehnat migrantlari huquqlari buzilishining oldini olish, mehnat migratsiyasi jarayonlarining faollashuvi va unda yoshlar ishtiroki tobora ortib borayotgani, 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning migratsiya jarayonidagi faol ishtiroki, mamlakat iqtisodiy koʻrsatkichining oʻsishi, aholi bandligini vaqtincha taʼminlashga ijobiy taʼsir qilishi bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.
– Oʻzbekistonda tashqi mehnat migratsiyasini oʻrganish, Fargʻona, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridan xorijga ishlash uchun ketayotgan migrantlarni tanlab olish natijalari asosida quyidagi tendensiyalar aniqlandi, – deydi “Huquqiy muammolarni oʻrganish markazi” NNT direktori Shamil ASYANOV. – Oʻzbekistonda mehnat migratsiyasi asosan tashkillashtirilmagan, chunki mamlakatda migratsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, migrantlarni chet ellarda uyushgan holda yollash, ishga joylashtirish, oʻqitish, hayoti hamda sogʻligʻini sugʻurtalash va hokazolarni belgilovchi maxsus qonunchilik mavjud emas.
Baʼzi sabablarga koʻra, mamlakatda tashqi mehnat migratsiyasi yuqori darajada saqlanib qolinmoqda. Misol uchun, Oʻzbekistonda ish haqi ish beruvchi mamlakatlardagi ish haqiga nisbatan past. 2017-2018-yillarda Oʻzbekistonda eng yuqori oʻrtacha ish haqi gaz va neftni qayta ishlash sanoatida kuzatilgan (400 AQSH dollar), sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida esa oʻrtacha ish haqi past (150-170 dollar). Qishloq xoʻjaligi sohasida ishchilar uchun ish haqi 100 dollargacha. Shunday qilib, migrantlarning daromadi mahalliy aholining oʻrtacha daromadidan ikki yoki uch baravar koʻpdir.








