Videokonferensaloqa formatida oʻtgan ushbu uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi vakillari chet ellik sheriklarning savollariga javob berishdi.
Tadbirda soliq siyosati va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish masalalari, shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalarni tashvishga solayotgan boshqa muammolar muhokama qilindi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi R. Alimov, Oʻzbekistondagi Amerika savdo palatasi prezidenti Shadab Ahmad Xon, Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari, shuningdek, manfaatdor mamlakatimiz va chet el kompaniyalari ishtirok etdi.
Ochiq va konstruktiv suhbat davomida respublikaning koʻrsatilgan idoralari rahbariyati va mutaxassislari barcha savollarga atroflicha javoblar, sharhlar va muhim tavsiyalar berishdi.
Oʻzbekistondagi Amerika savdo palatasi vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga va Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbariyatiga ochiq va konstruktiv muloqot, tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatida yuzaga keladigan muammolarni muhokama qilishga tayyorlik uchun minnatdorlik bildirdi. Bunday mavzuga doir maslahatlashuvlar amaliyotini davom ettirishdan oʻzaro manfaatdorlik bildirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.