Soʻrov har oyda ikki yoʻnalishda oʻtkaziladi: biznesning hozirgi holatini sifatli baholash va tadbirkorlarning keyingi 3 oy ichida oʻz bizneslarini rivojlantirish istiqbollariga boʻlgan umidlari.
Joriy yilning avgust oyida ishbilarmonlik muhitining umumiy koʻrsatkichi 8 punkitga oʻsdi va 63 ballni (-100 dan +100 gacha boʻlgan shkala boʻyicha) tashkil etib, mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti holatini ijobiy deb baholadi.
Tarmoqlar boʻyicha ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichi qishloq xoʻjaligida 6 punktga oshib 77 punktni, xizmat koʻrsatishda 3 punktga oshib 59 punktni, qurilishda 4 punktga oshib 63 punktni va eng yuqori oʻsish (16 punkt) sanoatda kuzatildi va 60 punktni tashkil etdi.
Ishbilarmonlik muhiti koʻrsatkichidagi ijobiy oʻzgarishlar indikatorning quyidagi tarkibiy qismlaridagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq:
Avgust oyida biznesning hozirgi holati koʻrsatkichi 49 punktni tashkil etdi (iyulda 38 p.), bu tadbirkorlarning biznesning hozirgi holatiga nisbatan ijobiy kayfiyatini ifodalaydi.
Biznesining hozirgi holatini yaxshi deb qayd etgan respondentlarning ulushi 44% (iyulda 41%) ni tashkil etdi. Soʻnggi 3 oyda biznesning holati qanday oʻzgargani haqida savolga, tadbirkorlarning 41% - yaxshilandi (iyulda 39%), 45% - oʻzgarmadi (iyulda 45%) va 14% yomonlashdi (iyulda 16%) deb qayd etdi.
Avgust oyida tovar/xizmatlarga boʻlgan talab 48% korxonalarda yaxshilandi (iyulda 47%), xodimlar soni esa 27% korxonalarda oshdi (iyulda 25%).
Hozirgi holat koʻrsatkichining oʻsishi sanoat sohasida tadbirkorlar oʻrtasida kayfiyatning oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlib, 44 punkt (iyulda 18 p.) tashkil etdi; qishloq xoʻjaligida – 59 punkt (iyulda 48 p.) va xizmatlar – 44 punkt (iyulda 42 p.).
Tadbirkorlarning kelgusi 3 oy mobaynida oʻz biznesini rivojlantirish istiqbollari haqidagi taxminlarini aks ettiruvchi biznesni rivojlantirish istiqbollari kutish koʻrsatkichi sezilarli darajada oshdi va 77 punktni (iyulda 73 punkt) tashkil etdi, bu optimistik taxminlar sifatida baholandi. Bu koʻrsatkichning oʻsishiga Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvi taʼsir koʻrsatdi, unda kelgusida biznesni qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etildi.
Tadbirkorlarning 74% (iyulda 76%) biznes istiqbollari yaxshilanishiga ishonadi. 68% korxonalarda (iyulda 67%) tovar va xizmatlarga boʻlgan talab yaxshilanishi va xodimlar soni 69% (iyulda 62%) oshishi kutilmoqda.
23% tadbirkorlar keyingi 3 oy ichida (iyulda 22%) tovarlar/xizmatlar narxlarining oshishini kutishmoqda. 33% narxlar “oʻzgarmaydi” (iyulda 28%) va 5% - “kamayadi” (iyulda 5%) deb hisoblaydi. 39% respondentlar yaqin kelajakda (iyulda 45%) oʻz tovar/xizmatlarining narxi qanday oʻzgarishini “bilishmaydi”.
Avgust oyida tarmoqlar kutish koʻrsatkich quyidagi oʻzgarishlarni koʻrsatdi: qishloq xoʻjaligi 3 punkt oshdi va 85 punktni tashkil etdi, sanoatda 3 punkt oshdi va 76 punktni tashkil etdi, eng katta oʻsish qurilish sektorida (13 punkt) kuzatildi va 86 punktni tashkil etdi, xizmatlar 5 punkt oshdi va 69 punktni tashkil etdi.
Umuman olganda, mavjud vaziyat va istiqboldagi kutilmalar oʻrtasidagi bogʻliqlik shuni anglatadiki, tadbirkorlik subyektlarining taxminlariga koʻra, iqtisodiyotni ijobiy rivojlantirish tendensiyasi keyingi 3 oy ham davom etadi.
Oʻtkazilgan soʻrov natijalari shuni koʻrsatadiki, salbiy tabiiy hodisalarga qaramay, joriy yilda iqtisodiy tiklanishning barqaror xususiyatidan darak beradi, bu esa soʻnggi toʻrt yil davomida amalga oshirilgan islohotlar samaradorligiga bogʻliq boʻlib, biznes uchun qulay ishbilarmonlik muhiti va iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlaydi.
Feruzbek Davletov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi