Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Vasiylik Kengashining kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi

    Madaniyat 14 Mart 2025 1865

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 29-yanvar kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, qurilish ishlari hamda ilmiy-innovatsion loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Tashrif davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash doirasida tizimli ishlar boshlab yuborildi.

    Ushbu maqsadda 11-mart kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Markaz Vasiylik Kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda markaz ekspozitsiyasini boyitish, ilmiy-innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda Markazning ijtimoiy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy maskan sifatidagi faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Unda Markaz Vasiylik hamda Ilmiy Kengashi aʼzolari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etdi.

    Maʼlumki, 2024-yilda Toshkent va Samarqandda oʻtkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress va Oʻzbekiston olimlar forumi, shuningdek, “Sharq Renessansi fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusidagi xalqaro madaniy meros haftaligi tadbirlari doirasida Markaz Ilmiy Kengashining yigʻilishlari oʻtkazilgan edi. Ularda shakllantirilgan va ekspozitsiyani boyitishga qaratilgan 800 dan ortiq loyiha koʻrib chiqildi va Ilmiy kengash tomonidan tasdiqlandi.

    Yigʻilishdan oldin Vasiylik Kengashi aʼzolari va tadbir ishtirokchilari mazkur loyihalar bilan tanishib chiqdilar.

    Yigʻilishda mazkur loyihalar uch bosqichda amalga oshirilishi belgilandi: Birinchi bosqich – 2025-yil avgustgacha, ikkinchi bosqich – 2025-yil dekabrgacha, uchinchi bosqich – 2026-2027-yillarni toʻliq qamrab oladi.

    Loyihalarni amalga oshirishga 4 000 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar jalb qilinadi.

    Asosiy ijrochi tashkilotlar esa 112 tani tashkil qiladi. Loyihalarni amalga oshirish ishlari boʻyicha 60 dan ortiq mamlakatdan 600 ga yaqin ommaviy axborot vositalari hamda olim va ekspertlar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

    Oʻtgan davr mobaynida qator taniqli xorijiy kompaniyalar Markaz tadbirlarida faol ishtirok etib, professional takliflarini berib kelayotgani yigʻilishda alohida qayd etildi.

    Ular bilan ekspozitsiyani boyitish, badiiy va arxitektura dizaynini yaratish, “Vaqt devori”, “Tarix yoʻlagi”, 3D Mepping va “Immersiv shou” singari loyihalar boʻyicha hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

    Maʼlumki, Davlat Rahbarining topshirigʻi asosida Markazning ikkinchi qavatidan xorijiy hamkor davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar uchun ofislar ajratiladi.

    Kelgusida Markazda xalqaro ilmiy platforma shakllanishiga yordam beradi. Ushbu platforma 50 dan ortiq mamlakatdan 500 dan ziyod tashkilot, minglab olim va mutaxassislarni birlashtiradi.

    Hozirgacha 100 dan ortiq xalqaro tashkilot Markaz bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan.

    Shu kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Malayziya Islom sanʼati muzeyi, Italiyaning Aron, Alberto Levi xususiy kolleksiyalari, Ratti fondi, Turin Osiyo madaniyati muzeyi, Rossiya davlat ermitaji, Turkiyadagi Turk-islom sanʼati asarlari muzeyi, AQSHning Devid Peyli va Bryus Baganz xususiy kolleksiyalari oʻz eksponatlari bilan ishtirok etishga rozilik berdi.

    Bundan tashqari, respublikadagi OʻzR FA Sharqshunoslik va Sanʼatshunoslik institutlari, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi va Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonalariga madaniy merosimizga oid nodir durdonalarni Markaz ekspozitsiyada namoyish etish tashabbusi bilan chiqqani uchun minnatdorchilik bildirildi. Mazkur muassasalardan olinishi mumkin boʻlgan 350 ga yaqin muhim eksponatlar roʻyxati tuzilgani hamda ushbu roʻyxatni nodir qoʻlyozmalar, artefaktlar bilan boyitish, chet el ekpsozitsiyalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi, tegishli topshiriqlar berildi.

    Ushbu yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish, xorijiy mamlakatlardagi nufuzli muzey va kutubxonalar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi va Madaniyat vazirligiga tegishli vazifalar yuklatildi.

    Yigʻilish yakunida Islom sivilizatsiyasi markazining rivojlanish strategiyasi, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va boshqa koʻplab masalalar boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

    Vasiylik Kengashi tomonidan 9 ta yoʻnalish boʻyicha 39 ta kichik ishchi guruhlari tarkibi tasdiqlandi.

    Ilmiy-ijodiy ishchi guruhlar tarkibiga davlat tashkilotlari, jumladan, vazirlik, qoʻmita, agentlik, hokimliklar hamda respublikamizdagi va xorijiy taniqli olimlar, mutaxassislar va ekspertlarni keng jalb etilishi belgilab qoʻyildi.

    Soʻzga chiqqan olimlar tomonidan ilmiy loyihalarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish orqali belgilangan maqsadni umummilliy ishga aylantirish, jahonda oʻxshashi yoʻq megaloyiha sifatida eʼtirof etilishiga erishish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

    Vasiylik kengashi yigʻilishidan soʻng ishtirokchilar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taassurotlarini soʻzlab berdilar.

    Nuriddin Xoliqnazarov, Oʻzbekiston muftiysi: “Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi Markazining qurilishi butun dunyoga bizni tanitishga xizmat qiladi. Ushbu markaz shunchaki muzey emas, balki ilm manbasidir. Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans, hattoki, islomdan avvalgi davrlarda bizning yurtimizda boʻlib oʻtgan rivojlanishlarni koʻrsatib beradi. Markaz faoliyati orqali dunyoning turli burchaklaridagi insonlar yurtimizni yanada taniydilar. Bu yerda koʻpchilikning hayajoniga sabab boʻlayotgan voqelik — Qurʼon zalining tashkil qilinayotganidir. Tabiiyki, butun dunyodan uning ziyoratiga kelganlar bu – Qurʼon fayz-baraka berishini koʻrib, chiqib ketishiga umid qilyapmiz”.

    Sherzod Shermatov, Raqamli texnologiyalar vaziri: “Davlatimiz rahbari markazni unikal obyekt sifatida tasavvur qilib, uning mazmunini boyitish boʻyicha topshiriqlar berganlar. Muzey deganda, yoshlarimiz koʻpincha eskicha qarashlarni yodga olishadi. Prezidentimiz qoʻyayotgan masalalar nafaqat chet ellik sayyohlar balki oʻzimizning yoshlar uchun ham muhim markazlardan biri boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilgan. Shuning uchun ham Islom sivilizatsiyasi markazining ichida boʻladigan texnologiyalarni joriy etishda katta tajribaga ega boʻlgan xalqaro tashkilotlar vakillari bilan hamkorlik qilish reja qilingan edi. Oʻylaymanki, buning natijasida ushbu markazimiz yoshlarimizning doimiy tashrif buyuruvchi, bilim oladigan maskanlaridan boʻlishi lozim”.

    

    Ozodbek Nazarbekov, Madaniyat vaziri: “Toshkent shahrida qad rostlayotgan Islom sivilizatsiyasi markazini butun dunyodagi islom tarixi bilan shugʻullanuvchi olimlar katta qiziqish bilan kutishmoqda. Markazning Islom sivilizatsiyasi deb nomlanishi ham bejizga emas. Chunki haqiqatan ham islom dini Makkada nozil boʻlgan boʻlsada, Markaziy Osiyoda taraqqiy etdi. Yaʼni ushbu mintaqadan yetishib chiqqan ulamolar bu dinni eng taraqqiy etgan shakligacha yuksaltirishdi. Ular islom dinini ilm-fan bilan hamohang tarzda olib borib mana shunday yuksak yutuqlarimizni qayd etishdi. Shu maʼnoda ushbu markazga kelgan inson, jumladan yoshlarimizda milliy gʻururning shakllanishiga sabab boʻladi va ularning oʻzini anglashiga xizmat qiladi. Boisi oʻzini, oʻzligini anglagan millat har doim yuksak natijalarga erisha oladi”.


    Hamkorlik materiali