Yangi Oʻzbekistonning ikki durdonasi

Muborak Ramazon kunlari bir qancha ezgu ishlar amalga oshirildi. Ular orasida ikki tadbir alohida ahamiyatga ega boʻlib, nainki mamlakatimiz, mintaqamiz, ayni paytda butun musulmon olami hayotida ta­rixiy voqea boʻldi. Bular — poytaxtimizda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi mar­kazi va Samarqand zaminida qad rostlagan Imom Buxoriy majmuasi.

Bunday noyob inshootlar tinchlik va oso­yishtalik barqaror yurtda barpo etilishi mumkin. Shukrki, mamlakatimiz tinch, buni alohida taʼkidlamoqdaman — osmoni­miz musaffo boʻlgani uchun ham Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqand viloyatining Payariq tumanida Imom Bu­xoriy majmuasi butunlay yangidan qad rostladi. Bu ikki inshoot yangi Oʻzbekis­tonning durdonalari. Ularning tashqi koʻ­rinishining oʻziyoq har qanday insonni hay­ratga soladi, havasini keltiradi. Milliy meʼmorlik anʼanalari bilan zamonaviy arxitektura uslublari uygʻunlashtirilgan. Har ikkala majmua ham xalqimiz tarixi nihoyatda qadimiy va boy ekanini, tabarruk zaminimizdan ne-ne buyuk allomalar chiq­qanini, ular jahon tamadduniga salmoqli hissa qoʻshganini namoyon etadi.

Prezidentimiz tashabbusi va bevo­sita rahbarligida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimiz tarixi­ning islomgacha boʻlgan davrini, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar mavjud. Ularni koʻrgan yurt­doshlarimiz shunday qadim va boy tarixga ega xalq farzandi ekanidan gʻururlanadi, faxrlanadi, ular qalbida vatanparvar­lik tuygʻusi kuchayadi. Ayniqsa, yoshlar uchun uning ahamiyati beqiyos. Xorijliklar esa millatimizning uch ming yildan ziyod tari­xi borligiga, Birinchi va Ikkinchi Renes­sans aynan bizning yurtimizda kechganiga, zaminimizda tugʻilib voyaga yetgan va jahon ilm-faniga, xususan, falakiyot, tibbiyot, matematika, falsafa, adabiyot, tarix, geode­ziya va boshqa sohalarga ulkan hissa qoʻshgan qomusiy olimlar haqida maʼlumotlarga ega boʻladi. Markazda bir necha ulugʻ olimlari­mizning obrazi sunʼiy intellekt yordamida jonlantirilgan. Ular turli tillarda oʻzi haqida soʻzlab beradi. Bular shoʻro zamonida aytilgan “oʻzbek xalqining atigi uch foizi savodli boʻlgan” degan daʼvolar oddiy bir choʻpchakdan boshqa narsa emasligini tasdiq­laydi.

“Yangi Oʻzbekiston — Uchinchi Renessans poydevori” zalidagi ekspozitsiyalar soʻnggi yillardagi beqiyos oʻzgarishlar, keng koʻlamli islohotlar samaralari haqida soʻzlaydi. Ta­rixan gʻoyat qisqa davrda, atigi sakkiz-toʻqqiz yilda qilingan ishlarni kuzatgan har bir inson — xoh yurtdoshimiz, xoh xorijlik boʻlsin, hayratdan yoqa ushlashi shubhasiz. Zotan, bunyodkor xalqimiz ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xoʻjaligi, transport, fan-texnika, maʼnaviyat-maʼrifat, adabiyot- sanʼat, madaniyat, sport va boshqa sohalarda erishayotgan yutuqlarni jahon ahli koʻrib turibdi.

Buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxo­riy hazratlarining maqbarasi butun islom ummati uchun muqaddas maskanlardan biri hisoblanadi. Binobarin, ul ulugʻ zot toʻp­lagan muborak hadislar kitobi — “Sahihi Buxoriy” Qurʼoni karimdan keyingi eng moʻtabar manbadir. Ana shu buyuk bobomiz maqbarasi joylashgan majmua davlatimiz rahbari tashabbusi va bevosita rahbarligi­da qaytadan bunyod etildi. Mazkur majmuada muhtasham masjid, bir necha zamonaviy meh­monxona va boshqa inshootlar qad rostladi. Ziyoratga keluvchilar uchun eng zamonaviy ta­lablarga javob beruvchi sharoitlar yaratildi.

Prezidentimiz 19-mart kuni ushbu majmuaga tashrif buyurdi. Majmua mar­kazida — Imom Buxoriyning tabarruk maqbarasi. “El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz roʻyobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib dara­jada bunyod etishga muyassar boʻldik”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Majmuada bunyod etilgan yangi muhtasham masjidda 20-mart tongida ilk namoz — Ra­mazon hayiti namozi oʻqildi.

Islom sivilizatsiyasi markazi ham, Imom Buxoriy majmuasi ham qadim va boy tarixi­miz koʻzgusi. Tariximizni qancha teran oʻrgan­sak, oʻzligimizni shuncha chuqurroq anglaymiz, qalbimizda oʻtmishimiz, buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanish, gʻururlanish, eng muhimi, ularga munosib boʻlish tuygʻulari joʻsh uradi. Davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimidagi nutqida taʼkidlaganidek, “Tarix tilga kir­gan, tarixdan saboq olingan joyda, albatta, bilim va maʼrifat, taraqqiyot va adolat boʻla­di. Hech qachon toʻgʻri yoʻldan adashilmaydi!”.

“Jaloliddin” poyezdi boʻlib...

Hayotimizning istisnosiz barcha sohala­ridagi izchil islohotlarning hammasi bir maqsadga yoʻnaltirilgan: xalqimizning tur­mush farovonligini bundan-da yaxshilash, davlatimiz nufuzini yanada oshirish.

Transport sohasini rivojlantirish boʻ­yicha ham ulkan ishlar qilinmoqda. Jumla­dan, yangi temir yoʻl liniyalari qurish, metro va temir yoʻl transporti uchun yangi poyezdlar olib kelish borasidagi ishlar yurtdoshla­rimizni quvontirmoqda. “Hyundai Rotem” kompaniyasidan oltita poyezd mamlakatimiz­ga yetkazib berilishi rejalashtirilgan edi. Ularning birinchisi keltirildi. Prezi­dentimiz 18-mart kuni ana shu yangi poyezd­da jamoatchilik vakillari bilan birga Samarqand shahridan Narpay tumaniga bor­di. Mazkur poyezd buyuk vatandoshimiz, ja­soratli sarkarda Jaloliddin Manguberdi nomi bilan atalgan. Unda yettita vagon bor, poyezdning uzunligi 175 metr, 390 oʻrinli, soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakat­lanadi. Poyezdning yonidagi “Jaloliddin Manguberdi” yozuvini koʻrgan har bir yurtdo­shimizning qalbi quvonch va gʻururga toʻladi. U Oʻzbekiston iqlim sharoitini inobatga olgan holda ishlab chiqarilgan, juda issiq va sovuq haroratga ham chidamli tizimlar bilan jihozlangan. Mutasaddilarning aytishicha, poyezd yaqin kunlarda Toshkent — Xiva yoʻnalishida qatnay boshlaydi. Tosh­kentdan Xivagacha 7 soatda boradi.

Poyezdning salonini koʻzdan kechiraman. Gʻoyat hashamatli, zamonaviy, yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Oʻrindiq­lar havas qilgulik darajada, eng zamonaviy samolyotlarning oʻrindiqlari kabi. Oʻrin­diqlar orasi ham, oʻrtadagi yoʻlak ham keng, tepasi ancha baland. Bezaklar davr talabiga mos, ortiqcha jimjima yoʻq.

Bularga havas va ichki suyunish ila ter­mular ekanman, talabalik yillarim yodim­ga tushdi. Toshkent — Samarqand orasida poyezdda ne azoblarda borib-kelganlarimni eslab, endi bir kulgim, bir yigʻlagim kela­di. Uch yuz kilometrli ana shu masofaga sak­kiz soat yurardi poyezd. Shu nisbatan qisqa masofada taxminan oʻnga yaqin joyda toʻxtar­di. Vagonlarning badboʻyini va koʻngilni aynitadigan boshqa holatlarni aytmay qoʻya qolay. Bugungi poyezd — “Jaloliddin Man­guberdi” bir ming ikki yuz kilometr maso­fani yetti soatda bosib oʻtadi! Mana, yangi Oʻzbekistonda barcha saʼy-harakatlar inson manfaatlariga qaratilayotganining amaliy isboti!

Rejalashtirilgan poyezdlarning qolgan beshtasi ham keltirilsa, mamlakatimizning boshqa hududlariga ham yuqori tezlikda ha­rakatlanuvchi poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyi­lishi tabiiy. Tasavvur qilib koʻraylik, bir tomonga “Afrosiyob”, boshqa tomonga “Jalo­liddin Manguberdi” poyezdlari yursa, xalqi­miz uchun qanday ulkan imkoniyat va imtiyoz­lar yaratilgan boʻladi. Bu qulayliklardan, gʻamxoʻrliklardan suyunmaslik, gʻururlanmas­lik, shukr qilmaslik, minnatdor boʻlmaslik mumkinmi?!

Bir paytlar ulugʻ shoirimiz Abdulla Ori­pov “Oʻzbekiston” sheʼrida xalqimizning yurtparvarligi haqida yozar ekan, “Jalolid­din samani boʻlib sakrab oʻtding Amudaryo­dan” degan edi. Bugun “Jaloliddin Man­guberdi” poyezdi jonajon Oʻzbekistonimiz xalqiga xizmat qilmoqda.

Oʻzimizdan chiqqaniga nima yetsin

Dunyo dengizday chayqalib turibdi bugun. Uning ayovsiz toʻlqinlari qaysi tomonga xavf soladi — hech kim bilmaydi. Bu toʻlqinlar bizdan uzoqda deb boʻlmaydi. Binobarin, koʻplab davlatlar turli jihatlar boʻyicha oʻza­ro uzviy bogʻlangan. Muayyan mamlakatda roʻy bergan yaxshi ishlar ham, koʻngilsiz voqealar ham boshqalariga qaysidir darajada taʼsir oʻtkazadi.

Bunday sharoitda qiyinchilik va ma­shaqqat, avvalo, oddiy xalq boshiga tushadi. Sababi — oʻsha ayovsiz toʻlqinlar oqibatida ishlab chiqarish, turli mahsulotlar, jum­ladan, oziq-ovqat yetishtirish va tayyorlash kamayadi. Bu, oʻz navbatida, narx-navo koʻtari­lishiga olib keladi. Shunday boʻlgach, oddiy mehnatkash xalqning turmush sharoiti ogʻir ahvolga tushib qoladi. Bunga tarixdan istal­gancha misollar keltirish mumkin. Tarixni qoʻyib turaylik, shu kunlarda Yaqin Sharqda kechayotgan voqealarga teran koʻz bilan qaray­lik, tahlil qilaylik. Odamning eti uvishib, yuraklar zirqirab ketadi. Qancha begunoh odamlar — bolalar, ayollar, keksalar halok boʻldi. Ularning aybi nima edi?

Bu voqealarni turli telekanallar, ijti­moiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositala­ri orqali koʻrib, oʻqib, tinchlik naqadar ulugʻ, bebaho neʼmat ekaniga qayta-qayta imon kel­tiradi har bir inson. Zero, tinchlik boʻlma­gan joyda taraqqiyot ham, rivojlanish ham, halovat ham yoʻq! Bayramu toʻy-tomoshalarni- ku, tasavvur ham qilish mumkin emas!

Shunday ekan, yurtimizdagi tinch va osu­da hayotning qadriga yetish zarur. Yaratganga beadad shukrlar boʻlsinki, xalqimiz tinch- xotirjam ishlayapti, dam olyapti, bexavotir tong ottiryapti. Turli bayramlarni nishon­layapmiz, toʻy-tomoshalar qilyapmiz. Biri biridan goʻzal, muhtasham, zamonaviy in­shootlar bunyod etmoqdamiz.

Ammo xotirjamlikka berilish mumkin emas. Chunki oʻsha notinchlik, beqarorlik oqi­batida turli muammolar vujudga kelmoqda. Jumladan, logistikada uzilishlar paydo boʻlib, neft narxi, transport xarajati oshayotgani kuzatilmoqda. Bular yurtimizga olib kelinadigan barcha turdagi mahsulotlar narxi koʻtarilishiga sabab boʻladi. Demak, mahalliy ishlab chiqarishni yanada rivoj­lantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼ­minlash uchun shu turdagi mahsulotlar ish­lab chiqarish va yetishtirishni koʻpaytirish har qachongidan koʻra muhim hamda dolzarb ahamiyatga ega. Aslini olganda, hamma narsa oʻzingdan chiqqaniga nima yetsin.

Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtiso­diy rivojlantirish boʻyicha Narpay tumani­da 18-mart kuni oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari ana shu masalalarga alohida eʼti­bor qaratdi. Har bir ishga yangicha yondashish, izlanish zarurligi — davr talabi. Tuman­larning oʻziga xos imkoniyat va sharoitidan kelib chiqqan holda rivojlanish modelini yaratish kerakligi taʼkidlandi. Buning uchun tumanlarning sanoat, qishloq xoʻjaligi, tu­rizm, xizmat koʻrsatish koʻrsatkichlari, yer osti va yer usti zaxiralari, mehnat resursla­ri, aholining biznes va kasb koʻnikmalarini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Samarqand viloyatiga barcha manbalar hisobidan 11 trillion soʻm, tadbirkorlar­ga kredit resurslari uchun yana 18 trillion soʻm yoʻnaltirilayotgani aytildi. Raqamlarga eʼtibor bering: trillion! Aytishga oson. Ammo uning zamirida qancha mehnat, qancha mashaqqat bor! Zotan, bir soʻm ham osmondan tushmaydi. Demak, bu mablagʻning har bir soʻ­midan samarali, oqilona, eng muhimi, toʻgʻri va halol foydalanish kerak. Katta-kichik rah­bar boʻladimi, tadbirkor boʻladimi, fermer yoki ijtimoiy soha vakili boʻladimi, davlat ajratgan resursni xalqimiz farovonligini yanada oshirish, jonajon Vatanimizni obod qilish, xalqaro nufuzini koʻtarish, alal- oqibat yurtimiz aholisini rozi qilishdek ezgu va xayrli ishlarga sarflamogʻi darkor. Aks holda, yaʼni byudjet puli (bu xalqning puli) talon-taroj qilinsa, shaxsiy man­faatni elu yurt manfaatidan ustun koʻrib, poraxoʻrlikka, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilsa, odamlarda norozilik kuchayadi. Eng yomoni, aholida ulugʻ niyatlar bilan kechayotgan islohotlarga, davlat siyosatiga ishonch susaya­di. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, korrupsiyaga yoʻl qoʻyish islohotlarga xiyo­natdir.

Yigʻilishda viloyatni iqtisodiy-ijti­moiy rivojlantirishning barcha sohalari boʻyicha masalalar batafsil koʻrib chiqildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, xizmat koʻrsatish, parrandachilik, baliqchilik, li­mon, qulupnay, kartoshka yetishtirish va hoka­zo sohalarda qilinishi zarur boʻlgan ishlar aniq belgilab berildi. Ularning har biri­dan koʻzlangan maqsad, odamlarga foydasi, pirovard natija — barcha-barchasi aniq mi­sollar bilan tahlil qilindi. Masalan, par­randachilik, baliqchilik rivojlansa, aholi dasturxoni toʻkin boʻladi. Yaylovlarni ija­raga berish muddati uzaytirilsa, chorvachilik rivojlanadi, chorva mollari koʻpaysa, goʻsht serob boʻladi. Qaysiki mahsulot koʻpaysa, oʻshaning narxi arzonlashadi. Bularning bari bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Tumanlar infratuzilmasi, yaʼni yoʻllarni, koʻpriklar­ni taʼmirlash, yangilarini qurish masala­lari ham eʼtibordan chetda qolmadi. Ushbu ishlar uchun zarur mablagʻ (milliardlab soʻm) ajratiladigan boʻldi.

Men bir holatga eʼtibor qaratdim. Salkam uch soat davom etgan yigʻilishda biror marta paxta haqida, paxta yetishtirishning ahvoli, bu yilgi rejalar toʻgʻrisida gap boʻlmadi. Il­gari bunaqa yigʻilishlar asosan paxta bilan boshlanib, paxta bilan tugar edi. Meva, sabza­vot mahsulotlari yetishtirish xususida deyar­li gapirilmasdi. Boʻlar ekan-ku! Paxtasiz ham kun koʻrish mumkin ekan-ku! Koʻrganda ham paxta davridan koʻra yaxshiroq yashash mumkin ekan! Buni bugun hayotimizda koʻrib turibmiz.

Koʻrilayotgan masalaning “ichiga kirgan”, yaʼni atroflicha oʻrgangan odam ishonch bilan, qatʼiy, qogʻozga qaramay gapiradi. Bunday rahbar hisobot berish bilan cheklanmaydi, mavjud muammolarni yashirmaydi va ularni hal qilish uchun nimalar qilish lozimligi­ni, buning uchun qancha mablagʻ kerakligini ham aytadi.

Narpaydagi yigʻilishda ham shunday boʻldi. Soʻzga chiqqanlar — vazirlik va idoralar rahbarlari yoki vakili boʻladimi, tumanlar hokimlari yoki muayyan soha mu­taxassisimi — aksariyatining soʻzlarida yangicha fikrlash, masalaga zamonaviy yon­dashish sezilib turardi. Chunki yigʻilish boshidanoq erkin fikr bildirish, faqat yutuqlarni sanamay, muammolarni ochiq- oydin aytish muhiti yaratildi. Davlatimiz rahbari maʼruza emas, ochiq, samimiy mu­loqot qildi yigʻilganlar bilan, ularning takliflarini eshitdi. Aksariyat masalalar oʻsha yerning oʻzidayoq hal etildi. Preziden­timiz tomonidan ilgari surilgan va qatʼ­iy amal qilib kelinayotgan ochiqlik siyosa­tining amaldagi isboti edi bu.

...Ramazon oyi, bahorning boshlanishi elu yurtimiz uchun xayrli, barokatli keldi, unutilmas tarixiy voqealarga boy boʻldi. Bu quvonchli onlarning shavqu zavqi, taassurot­lari yurtdoshlarimiz qalbida oʻchmas iz qol­dirgani shubhasiz. Mahallani rivojlanti­rish va jamiyatni yuksaltirish yilining har bir oyida, har kunida shodu xurramliklar, nurli voqealar koʻp boʻlsin.

Mamatqul HAZRATQULOV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist