Bu haqda Markaziy bankning Jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari boʻyicha qisqacha sharhida maʼlum qilindi.
Mablagʻlarning 78 foizi Rossiyadan (9,8 mlrd doll) kelib tushgan boʻlib, oʻtgan yilning mazkur davriga nisbatan 35 foizga oshgan. Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozogʻiston (699 mln doll), AQSH (470 mln doll), Janubiy Koreya (458 mln doll), Turkiya (331 mln doll), Buyuk Britaniya (109 mln doll) va boshqa mamlakatlardan oʻtkazilgan.
2024-yilning oʻtgan davri mobaynida Oʻzbekistonga xalqaro pul oʻtkazmalari hajmida kuzatilgan oʻsish trendi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi asosiy hamkor mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqi miqdorining oshishi hamda rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasi oqimi koʻlamining koʻpayishi bilan izohlanadi.
Misol uchun, internet platformalaridagi maʼlumotlarga koʻra, Rossiyada mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan asosiy sohalarda taklif qilinayotgan ish haqi miqdori oʻrtacha 38 foizga oshgan. Jumladan, ish haqi miqdori qurilish sohasida 55 foiz, yetkazib berishda 48 foiz, taksi va restoran xizmatlarida 46 foiz hamda yuk tashish sohasida 14 foizgacha koʻpaygan.
Oʻzbekistonlik mehnat migrantlari oʻzlashtirayotgan yuqori daromadli bozorlardan oʻtkazmalar yuqori oʻsayotgani eʼtiborli. Transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan AQSHdan 37 foizga, Janubiy Koreyadan 71 foizga, Buyuk Britaniyadan 76 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga oʻsish kuzatilgan.
2024-yil boshidan ishlash istagida boʻlgan 113 ming nafardan ziyod fuqarolar asosan rivojlangan mamlakatlarga rasmiy, xavfsiz hamda uyushgan holda ishga yuborilgan, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 barobarga oshgan.
Pul oʻtkazmalarini R2R yoki SWIFT orqali yuborish tobora ommalashmoqda. Joriy yil boshidan P2P (onlayn) pul oʻtkazmalari koʻlamining sezilarli darajada oshishi transchegaraviy toʻlov tizimlari infratuzilmasining rivojlanishi hamda jismoniy shaxslar orasida mazkur xizmatlarning keng ommalashuvi bilan izohlanishi mumkin.
Xususan, 2024-yilning yanvar oktyabr oylari davomida P2P (onlayn) tranzaksiyalari soni qariyb 59 milliontaga yetib, oʻtgan yilga nisbatan 46 foizga koʻpaygan. Shuningdek, joriy yilning yanvar oktyabr oylari davomida Oʻzbekistondan chet elga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 2,3 milliard dollarni tashkil qildi.
Joriy yilning yanvar oktyabr oylari davomida banklar hamda jismoniy shaxslar oʻrtasidagi chet el valyutasi xaridi va sotuvi boʻyicha operatsiyalar aylanmasi hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 19 foizga koʻpayib, 20,9 milliard dollarni tashkil etdi.
Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 13,2 milliard dollar miqdoridagi yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga koʻp chet el valyutasi sotilgan. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan chet el valyutasi hajmi oʻtgan yilga nisbatan 2 foizga oʻsib, 7,7 milliard dollarga yetdi.
Natijada, jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasiga boʻlgan taklif hajmi talab hajmidan 5,5 milliard dollarga koʻp boʻldi. Bu oʻz navbatida, ichki valyuta bozorida qoʻshimcha taklif manbai boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzbekistondan chet elga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 2,3 milliard dollarni tashkil qilgan.