“COVID-19” infeksiyasi boʻyicha jahon tibbiyotidagi emlash samaradorligi boʻyicha klinik izlanishlar, kasallik profilaktikasi, muloqotda boʻlgan shaxslarni kuzatish, kasallikning laborator tashxici va sifat nazorati, Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi boʻyicha vaziyat, mahalliy vaksinani yaratish tajribasi, Oʻzbekistonda ilm-fan sohasida erishayotgan yutuqlar, ulardan amaliyotda foydalanish boʻyicha xalqaro hamkorlik jarayonlari haqida Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyev SSV axborot xizmatiga maʼlumot berdi:

— GAVI (“Emlash va immunizatsiya boʻyicha global alyans”) tashkiloti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi COVAX (Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash mexanizmi)ga aʼzo davlatlar qatoriga kiritilganligi maʼlum qilingan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan “COVID-19”ga qarshi vaksinani amaliyotga kiritish uchun mamlakatimiz aholisining 20 foizi miqdorida buyurtma tayyorlanib, COVAX fondiga yuborildi, — deydi B. Yusupaliyev. — Hozirda GAVI tashkiloti bilan hamkorlikda Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi Comirnaty vaksinasini Oʻzbekistonga 100 ming doza miqdorida olib kelinishi boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Pfizer/Biotech vaksinasini yuqori sovuqlik zanjiriga jiddiy rioya etgan holda -70 ℃ haroratda saqlash talab etiladi. Yurtimizda -70 ℃ haroratni saqlaydigan muzlatgichlar mavjud va xozirgi kunda koronavirusga qarshi emlash jarayonini puxta rejalashtirish va tibbiyot xodimlarini maxsus xavfsiz immunizatsiya shartlari boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtkazish, ayniqsa, vaksinator, reanimatologlar va boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, yurtimizda 2-8 ℃ haroratga moʻljallangan sovuqlik zanjiri infratuzilmasi mavjud boʻlib, bu tizim JSSTning barcha talablariga javob beradi va xavfsiz emlash amaliyotini kafolatlaydi.

Emlash jarayoniga tayyorgarlik koʻrish maqsadida GAVI tashkiloti tomonidan 17 ta katta xajmdagi refrijeratorlar va 206 ta yuk tashuvchi miniven avtotransport vositalari taqdim etilib, yurtimizning har bir hududi va tumaniga yetkazish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.