Oʻzbekistonlik aktrisa SHHT festivalida gʻolib boʻldi

    Raʼno Shodiyeva aldanib Suriyaga ketib qolgan ayol obrazini mahorat bilan ijro etgan.

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Shodiyeva Hindistonning Mumbay shahrida oʻtkazilgan SHHTga aʼzo davlatlarning badiiy va televizion filmlar festivali (NFDC)da “Eng yaxshi ayol obrazi” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topildi.

    Kinematografiya agentligi, “Central Asian Trade Company” (CATC) hamda “Dilshoh media” kinostudiyalari hamkorligida tasvirga olingan “Ayol qismati” kinokartinasida Raʼno Shodiyeva aldanib Suriyaga ketib qolgan ayol obrazini mahorat bilan ijro etgan.

    — Bu kichkina mehnat deya olmayman, katta mehnat qildik. Lekin bu mehnatning mana bunday yoqimli daqiqalari boʻladi, men bundan juda ham xursandman. Konkursga qoʻyilgan barcha filmlar juda yuksak darajadagi kartinalar edi, unda rol ijro etgan aktyorlar ham juda isteʼdoli, mahoratli, lekin ularning orasidan meni tanlashganidan boshim osmonga yetdi, — deydi Raʼno Shodiyeva. — Bu nafaqat mening, balki butun guruhimizning yutugʻi. Ushbu festivaldagi 8 ta sovrindan biri bizga nasib etdi, demak bu butun oʻzbek kinosining ham yutugʻi. Bunday eʼtiroflar ijodkor uchun kerak. Yana va yana yaxshi ijod qilish uchun qandaydir bir ilhom beradi sanʼatkorga.

    Maʼlumot uchun, “Ayol qismati” badiiy filmi Turkiyaning Bursa shahrida boʻlib oʻtgan “2-Qoʻrqut ota” kinofestivalida “gran pri”ni qoʻlga kiritgan hamda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Shodiyeva hakamlar hayʼatining maxsus mukofotiga sazovor boʻlgan edi.

    Shuningdek, 2022-yil 24-dekabrda boʻlib oʻtgan Oltin Xumo” Milliy kino taqdimotida ham Raʼno Shodiyeva “Eng yaxshi ayol aktrisa” nominatsiyasida gʻolib boʻlgan.