Oʻzbekistonlik degan nomga munosiblik masʼuliyati

    Fikr 30 Dekabr 2023 1055

    Insonga odamiylik sharafini bergan va uni ongsizlikdan ajratib turuvchi bir oliy sarhad borki, uning nomi maʼnaviyatdir. Millatning taraqqiyoti, xalqning mafkuraviy qiyofasini aks ettiruvchi bu buyuk kuch yoshu qari, kattayu kichikni yagona maqsad ostida birlashtirish qudratiga ega.

    Zero, yangi Oʻzbekistonni yaratish gʻoyasi ham, Vatan va xalq birligiga ishonch ham maʼnaviy ildizlardan kurtak otgani rost. Maʼnaviyat bor ekan, inson va borliq haqiqatni oʻz suratida, oʻz ranglarida koʻra oladi. Oftobni berkitib boʻlmagani kabi maʼnaviy tafakkur koʻzgusini ham yashirib boʻlmaydi. Zulmatni bir parcha nur bilan nurafshon etuvchi, jaholatni chilparchin qiluvchi maʼnaviyat turli kurashlarga yuz tutadi.

    Jaholat ahli maʼnaviyatni, ilm ziyosini singdirmaydi, ezgulik qiyofasini aslo koʻra olmaydi. Manfaatlar toʻqnashadi, bu toʻqnashuvlar, kurashlar qadimdan boʻlgan, bugun ham davom etmoqda. Lekin ertaga boʻlmasligi uchun biz javobgarmiz. Milliy oʻzlik va maʼnaviy qadriyatlarimizning oʻz egasi bor... Mana shu oʻylar, shu oʻrtanishlar davlat yetakchisining fikru yodida, tunu kun nigohida, har bir islohotida, yuritayotgan siyosatida mujassam.

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ham shu qarashlar oʻrtaga tashlandi, jiddiy va uygʻoq savollar qoʻyildi, maʼnaviyat ahli mulohazaga chorlandi. Toʻgʻri, mamlakatda maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy hayot juda tez taraqqiy eta boshladi. Insonlarning maqsadi, umidi, ertangi rejalari oʻzgardi, kitobxonlik koʻngilga sigʻa boshladi, yoshlar ilmga qaytdi. Iqtidor va isteʼdod egalari oʻz ustida ishonch bilan ishlay boshladi, teatrlar jonlandi. Ijod ahli balandparvoz qalamni tashlab, koʻngil istagini yoza boshladi. Biroq milliy taraq­qiyot ortidan tushib, qulay payt poylab kelayotgan yovuz kuchlar, mafkuraviy kurashlar ham tahdidlar koʻrinishi, shakl-shamoyili, rang-tusini oʻzgartirib, insoniyat ongi va shuurini egallash uchun fursat kutmoqda.

    Davlatimiz rahbari bu xavf-xatarlar qarshisida ham kuchli siyosiy tajriba va yetuk salohiyat bilan xalqimizga ochiq-oydin yoʻl koʻrsatmoqda. “Maʼnaviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, degan soʻzlar mohiyati esa oʻzini shu millatning bir boʻlagi deb bilgan, taqdirini shu el bilan bogʻlay olgan, oʻzbekistonlik degan nomga munosiblik masʼuliyatini his etayotgan har bir vatandoshimiz qalbiga kirib borgan jadidona xitob boʻldi. Darhaqiqat, bugun maʼnaviyat oldinda yurib, yoʻlimizni yoritmasa, ertaga kelajakning nigohi qorongʻida teran boʻlmaydi.

    Yigʻilishda oʻzbek tilini oʻqitish samaradorligini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Milliy sertifikatga ega oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchilariga kelgusi oʻquv yilidan boshlab, 50 foiz ustama toʻlanishi qayd etildi. Quvonarlisi, oʻzbek tili boʻyicha endi mamlakatimizda xalqaro fan olimpiadasi tashkil etiladi. Bu oqilona qarorlar mohiyatida til targʻibotchilarining qadr-qimmatini yuksaltirish, pirovardida hozirgi tez oʻzgarayotgan globallashuv davrida oʻzbek tilining oʻziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqbolini asrash, ona tiliga ehtirom orqali yosh avlod ongida oʻzbek maʼnaviyati va maʼrifatiga hurmatni oshirishday ulugʻ maqsadlar turibdi. Zotan, mamlakatni yorugʻ manzillarga olib chiqish maqsadi bilan yongan millat oydinlari — jadidlarning bundan bir asr oldin “milliy til”, “millatning savodi” deya qaygʻurgani bejiz emas edi. Milliy ong uygʻongan tong milliy tildagi maktablardan, milliy ruhdagi qoʻshiqlardan va milliy maʼnaviyat bilan sugʻorilgan teatr­lardan boshlangan.

    Jaholatga undovchi kuchlar anglab turganidek, bugungi oʻzbek xalqi kechagi xalq emas. Milliy yakdillik, birdamlik bilan yangi Oʻzbekistonni qurayotgan xalqning tafakkuri ham, mafkurasi ham endi yangicha. Farzandlarimiz ham milliy yakdillik, maʼnaviy teranlik, oʻzlikka sadoqat, dunyoga oʻzbek boʻlib yuzlanish baxtini chuqur his etgan. Demakki, bu yoʻldan ogʻishmaymiz va milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topayotgan yetuk kadrlar bilan yakdillikda yangi Oʻzbekistonni barpo etguvchi kuch boʻlamiz.

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
    pedagogika fanlari doktori, professor