Oʻzbekistonning 2023-2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturi tasdiqlandi

    Investitsiyalar 1 Yanvar 2023 2515

    Oʻzbekiston Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasining 2023-2025-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

    Hujjat bilan 2023-2025-yillar uchun Markazlashgan va markazlashmagan investitsiyalarni oʻzlashtirishning yigʻma maqsadli koʻrsatkichlari, tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiya va kreditlarni oʻzlashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

    Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi yirik ishlab chiqarish obyektlari va quvvatlarida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha oylik monitoring oʻrnatilishi va ularning oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlaydi.

    Dastur ijrosi natijalari, shu jumladan investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kompleks tarmoq jadvallarining bajarilishi har oyda Prezident Administratsiyasiga kiritib boriladi.

    Shuningdek, qaror bilan 2023-yil uchun quyidagilar tasdiqlandi:

    -investitsiya va kreditlarni oʻzlashtirish boʻyicha yigʻma manzilli dastur;

    -ishga tushiriladigan yirik ishlab chiqarish obyektlari va quvvatlarining manzilli roʻyxati;

    -strategik investitsiya loyihalari roʻyxati;

    -Oʻzbekiston Respublikasi nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida xorijiy kreditlar jalb qilingan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati;

    -toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar jalb qilingan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati va boshqalar.

    Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qarorga muvofiq iazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari - loyihalar tashabbuskorlariga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 20-yanvarga qadar har bir investitsiya loyihasi boʻyicha ularni amalga oshirishning oylar kesimidagi kompleks tarmoq jadvallarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

    Davlat tashqi qarzi jalb qilinishi rejalashtirilayotgan yangi investitsiya loyihalarining konsepsiyalari ishlab chiqilib, 2023-yil 5-fevralga qadar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga kiritilishi lozim.