Ushbu tadbir BMTning 15-sentyabr – “Xalqaro demokratiya kuni”ga bagʻishlangan boʻlib, BMT Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YEXHT), “Yuksalish” harakati, Progressiv islohotlar markazi va nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada Yaponiya, Germaniya, Turkiya, Shvetsiya, Shveysariya, Polsha, Ozarbayjon, Qozogʻiston kabi davlatlardan “aql markaz” lari, tadqiqot institutlari, nodavlat tashkilotlari ekspertlari va Oʻzbekistondagi davlat organlari, jamoat tuzilmalari vakillari, tadqiqotchilar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Fuqarolik jamiyatining rivoji va yagona tizim
Anjumanda soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va jamoatchilik nazorati sohasidagi roli va taʼsirini kuchaytirish yoʻnalishida amalga oshirilgan tizimli islohotlar eʼtirof etildi. Buning natijasida, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan yangi tizim ishlab chiqildi.
Qonunchilik va normativ-huquqiy baza
Soʻnggi yillarda qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar fuqarolik jamiyati institutlariga erkin faoliyat yuritish uchun shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga qaratilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolik jamiyatiga alohida bob ajratilib, unga konstitutsiyaviy maqom berildi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida erkin fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, Oʻzbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha xabga aylantirish belgilandi.
Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
2024-yil 26-avgustdagi Prezident farmoni bilan fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning shaffof va raqobatga asoslangan tizimi, ijtimoiy foydali dasturlar samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratildi. Buni amalga oshirish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni berish jarayonlarining shaffofligini taʼminlashga qaratilgan yagona elektron platforma ishga tushirildi.
Yangi mexanizmlar va qonunchilik
Joriy yilning 21-avgust kuni qabul qilingan qonun bilan amaldagi 10 ta qonunga oʻzgartirishlar kiritildi, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy buyurtmalarni berish mexanizmlari takomillashtirildi. Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatiga davlat mansabdor shaxslarining noqonuniy aralashuvi uchun javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazoratiga tegishli tashabbusi toʻliq kafolatlanib, davlat organlari jamoatchilik nazoratiga oid yakuniy hujjatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqmaganligi uchun javobgarlik belgilandi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 30 mingga yaqin fuqarolik jamiyati instituti faoliyat yuritmoqda va ularda 150 mingdan ortiq fuqarolar mehnat qilmoqda.
Eʼtirof etish zarurki, fuqarolik jamiyati institutlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda, strategik maqsadlarga erishish jarayonida davlat idoralari va tashkilotlariga chinakam koʻmakdosh boʻlib, jamiyat va davlat oʻrtasida bogʻlovchi ijtimoiy koʻprik vazifasini bajarmoqda dedi – Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi rahbari, Azamat Pardayev .
Xalqaro ekspertlarning fikrlari
Xalqaro ekspertlar fikricha, Oʻzbekistonning demokratik jarayonlarni rivojlantirishdagi tajribasi, ayniqsa, geosiyosiy muammolarning kuchaygan paytida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Germaniyadagi “Gʻarb–Sharq uchrashuvlari” fondi boshqaruv aʼzosi Dirk Udo Frike fuqarolik jamiyatining ijtimoiy masʼuliyatini har ikki tomonlama – davlat va jamiyat tomonidan kuchaytirishni taʼkidladi. Uning fikriga koʻra, fuqarolarning faolligi va tashabbuslari demokratiyaning haqiqiy asosidir.
Yevropada istiqbollar va xavfsizlik instituti direktori Emmanuel Dyupi esa zamonaviy dunyoda kibermanipulyatsiyalar va axborot xurujlarining demokratik jarayonlarga taʼsiriga urgʻu berdi. Uning fikricha, axborot shaffofligi va fuqarolarning siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Yangi Oʻzbekistondagi tajriba va xalqaro modellar
Tadbirda Oʻzbekistonning fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishdagi tajribasi Germaniya, Shveysariya, Yaponiya, Turkiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlar tajribasi bilan qiyoslandi. Shuningdek, global miqyosda demokratik qadriyatlarni himoya qilish boʻyicha Oʻzbekistonning tajribasi eʼtirof etildi va ilgʻor modellardan biri sifatida qabul qilindi.
Xulosa sifatida shuni alohida taʼkidlash mumkinki, konferensiya mahalliy va xalqaro ekspertlar uchun samarali muloqot maydoniga aylandi hamda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashinuvini faollashtirish boʻyicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Zulxumor AKBAROVA