Bu haqda Hyundai Rotem matbuot xizmati maʼlum qildi.
10-fevral kuni Janubiy Koreyaning Kyongsang-namdo provinsiyasi, Masan portida Oʻzbekistonga yuborilayotgan ilk tezyurar poyezd tarkibini kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev, Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev hamda Janubiy Koreya rasmiylari va Hyundai Rotem rahbariyati ishtirok etdi.
Hyundai Rotem kompaniyasining Rail Solution biznes boʻlinmasi rahbari Kim Jong-xun oʻz nutqida shunday taʼkidladi:
“Bugungi marosim Koreyaning 30-yil davomida toʻplangan tezyurar poyezd texnologiyalarini jahon arenasiga olib chiqayotgan juda muhim qadamdir. Ushbu poyezdlar Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikning yorqin timsolidir.”
Oʻzbekistonga yetkazib beriladigan poyezdlar jami 42 ta vagondan (6 ta tarkib) iborat boʻlib, quyidagi texnik xususiyatlarga ega:
- Oʻzbekiston temir yoʻllari standartiga moslashtirilgan.
- Yuqori harorat va qum boʻronlaridan himoya qiluvchi maxsus changga chidamli tizim bilan jihozlangan.
- Poyezdlar “motor-distributiv” (quvvat har bir vagonga taqsimlangan) tizimda ishlaydi, bu esa tezlanishni yaxshilaydi va yoʻlovchi sigʻimini oshiradi.
Ushbu poyezdlar Oʻzbekistonning jami 1286 km masofani qamrab oluvchi tezyurar yoʻnalishlarida xizmat koʻrsatadi. Bu esa mamlakat transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqadi. Hyundai Rotem kelgusida nafaqat poyezd yetkazib berish, balki ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha ham Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni davom ettirishini bildirdi.