O‘zbekistonning Ipak yo‘lidagi beqiyos o‘rni va ta’siri YUNЕSKOda e’tirof etildi

    Xalqaro hamkorlik 10 Aprel 2023 1080

    Parij shahridagi YUNЕSKO bosh qarorgohida ushbu xalqaro tashkilotning “Ipak yo‘li” dasturiga asos solinganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan qator ilmiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlardagi tadbirlar uyushtirildi.

    YUNЕSKO rahbariyati, qator davlatlardan yuqori martabali delegatsiyalar, Ipak yo‘lini o‘rganishga ixtisoslashgan olim va yosh mutaxassislar ishtirok etgan ushbu tadbirlarda manfaatdor mamlakatlar qatorida O‘zbekistonning Ipak yo‘li umumiy merosini tadqiq etish, saqlash va ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari hamda bu borada YUNЕSKO bilan o‘rnatilgan hamkorlik munosabatlari doir iliq fikrlar bildirildi.

    YUNЕSKO bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha o‘rinbosari Gabriela Ramos Samarqandda joylashgan Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti (YUNЕSKO qaramog‘ida) tomonidan Ipak yo‘li merosini o‘rganishga qo‘shayotgan beqiyos hissasi haqli ravishda e’tirof etdi.

    YUNЕSKO Umumjahon merosi markazi (UMM) direktori Lazar Elondou O‘zbekiston boshchiligida Tojikiston va Turkmaniston ishtirokida ishlab chiqilgan “Ipak yo‘li: Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi” transmilliy nominatsiyasiga yuksak baho berdi. 3 davlat hududida joylashgan 31 madaniy meros va arxitektura yodgorliklarini qamrab olgan ushbu nominatsiya joriy yil 10-25 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyoz shahrida bo‘ladigan Umumjahon merosi qo‘mitasining 45-yig‘ilishida Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishiga umid bildirdi.

    “Ipak yo‘li: Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi” fayli ustida 2003 yildan beri ish olib borilgan bo‘lib, u 2022 yilda YUNЕSKOga kiritilgan. Hujjat Buxoro viloyatidan 7 ta (Chor Bakr, Bahouddin Naqshband majmualari, Vobkent minorasi, Varaxsha, Vardanza yodgorliklari, Poykent qadimiy shahri va Chashmai Ayub maqbarasi; Navoiy viloyatidan 4 ta (Deggaron masjidi, Mir Said Bahrom maqbarasi, Qosim Shayx va Raboti Malik majmualari; Samarqanddan 4 ta (Dabusiya qadimiy shahri, Kofir qal’a, Jartepa va Sulaymontepa) obyektlarini qamrab oladi.

    Luvr muzeyi yetakchi mutaxassisi Rokko Rante O‘zbekiston madaniy merosi va uning Ipak yo‘li umumiy merosida tutgan muhim o‘rniga to‘xtaldi. Jumladan, ekspert o‘zi ilmiy kurator bo‘lgan 2022 yil noyabrdan 2023 yil martgacha Luvr muzeyida tashkil qilingan “O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” deb nomlangan ko‘rgazma haqida batafsil so‘zlab berdi. U ko‘rgazmani Ipak yo‘li tarixi, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot va almashuvni san’at va madaniyat orqali yoritib beradigan noyob ilmiy manba, deb atadi.

    Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti direktori Dmitriy Voyakin O‘zbekistonda, xususan, Qoraqalpog‘istonda madaniy meros va arxitektura obyektlarini himoya qilish hamda unga tayangan holda barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot qildi. U O‘zbekiston boshchiligida ishlab chiqilayotggan yangi transmilliy hujjat - “Ipak yo‘li: Sirdaryo-Zarafshon yo‘lagi” nominatsiyasiga batafsil to‘xtaldi. 2021 yil sentyabr oyida Nukus shahrida o‘tkazilgan “Arxeologiya va turizm: salohiyatni aniqlash va merosni boshqarish” nomli ilmiy-amaliy anjuman natijalarini bajarish borasidagi sa’y-harakatlarga alohida urg‘u berdi.

    Fransiyaning “HERA Transcontinental” assotsiyatsiyasi (Ipak yo‘li merosini o‘rganishga ixtisoslashgan) Kristin Bernabeu boshqa shaharlar qatorida Ipak yo‘li markazida joylashgan Samarqand shahri to qadimdan hozirga qadar “o‘zaro hamjihatlik, etnik va dinlararo bag‘rikenglikning ramzi” bo‘lib qolayotganligini e’tirof etdi. Kembrij universiteti professori Piter Frankopan Ipak yo‘li merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha o‘zi olib borgan tadqiqotlar taqdimotida O‘zbekistonning ko‘hna shaharlari suratlaridan faol foydalandi.

    O‘zbekiston tomoni so‘nggi yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida moddiy, nomoddiy va ma’naviy merosni saqlash, targ‘ib qilish va ilgari surish bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekistonni Ipak yo‘li merosi nuqtai nazaridan chuqur o‘rganayotgan va bu borada mamlakatimiz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan olimlarga minnatdorlik izhor etildi.