Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov soʻzga chiqib, “AOIKAI Medical Corporation” bilan hamkorlikda respublikamizning travmatolog va ortopedlari Yaponiya tibbiyotining ilgʻor tajribasini oʻrganish boʻyicha amaliyoti tashkil qilingani katta ahamiyatga ega ekanligi xususida atroflicha toʻxtaldi.

Marosim ishtirokchilari mamlakatimizda 2022-yil “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” eʼlon qilingani, yurtimizda ijtimoiy sohalarga, ayniqsa, sogʻliqni saqlash jabhasiga alohida eʼtibor berilayotgani bilan yaqindan tanishtirildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov koronavirus pandemiyasi natijasida postkovid kasalliklar, xususan “osteonekroz” kasalligi kuzatilayotganligini qayd etar ekan, bu borada yapon shifokorlarining tashxis qoʻyish usullari, konservativ va jarrohlik yoʻli bilan davolash yoʻnalishlari boʻyicha amaliyot oʻtash hamda tajriba almashish dolzarbligi toʻgʻrisidagi fikrlarini oʻrtoqlashdi. U “AOIKAI Medical Corporation”ning tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish va yapon ortopedlari bilan oʻzaro munosabatlarini kengaytirishdan manfaatdor boʻlishini qayd etdi.

Oʻz navbatida, “AOIKAI Medical Corporation”ning “AOI Hachioji Hospital” faxriy rahbari Yasumasa Shirai va “Iryo Sousei” universiteti prorektori Xajime Satoning ham nutqlari tinglandi. Ular oʻzbekistonlik ortopedlar tomonidan korporatsiya muassasalarida amaliyot oʻtashi doirasida soha boʻyicha murakkab jarrohlik operatsiyalari bilan tanishish imkoniyati ham yaratilganligini maʼlum qildi.

Marosimdan soʻng amaliyotchilar korporatsiyaning Kavasaki shahrida joylashgan “AOI Universal Hospital” shifoxonasida yapon ortopedlari tomonidan oʻtkazilgan tiza yemirilishi kassaligi boʻyicha jarrohlik operatsiyasini bevosita kuzatdi.

Shuningdek, hamyurtlarimiz tibbiyot muassasasi boshqarilishi tizimi, zamonaviy laboratoriya va tibbiy uskunalaridan foydalanish usullari bilan ham tanishdilar.

“AOI Universal Hospital” direktori Yoshiyuki Fukukava va Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuv doirasida oʻzbekistonlik mutaxassislarning amaliyot oʻtashlari va qoʻshma ilmiy loyihalarni tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borilgani barobarida ikki muassasa oʻrtasida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan loyihalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Yaponiyaning eng ilgʻor tibbiy muassasalardan biri — Tokiodagi “Nippon Medical School” shifoxonasida ham respublikamiz ortopedlari bir kun amaliyot oʻtashlari hamda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligida hamkorlik yoʻnalishlari va istiqbolli rejalarni muhokama qilish boʻyicha yuqori darajadagi uchrashuv oʻtkazilishi ham rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.