«Voyage Prive Group» - 2006 yilda tashkil etilgan yevropaning eng yetakchi hashamatli sayyohlik brendidir. Mazkur kompaniya onlayn tarzda jahonning yetakchi turoperatorlari bilan o‘zaro shartnomaga ega bo‘lib, yevropa bozorida Fransiya, Ispaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Shveytsariya, Gollandiya, Germaniya va boshqa davlatlar bilan o‘z faoliyatini yuritadi. «Voyage Prive Group» 52 million nafar yevropalik a’zolari va shu jumladan 1,2 million nafar doimiy sayohatchilariga ega.

Uchrashuv doirasida O‘zbekistonning yevropa davlatlaridagi targ‘ibotini oshirish maqsadida marketing va PR kampaniyasini tashkil etish, jumladan, «road-show» va B2B uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, mamlakatimizning sayyohlik salohiyati taqdimotlari, yetakchi media-brendlar bilan hamkorlik qilish hamda yevropa davlatlarining yetakchi OAV vakillari va blogerlar uchun O‘zbekistonga press-turlar tashkil etish orqali ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston imidjini ilgari surish kabi masalalar muhokama etildi.

Shu bilan birga, transport imkoniyatlarini rivojlantirish, yevropa davlatlaridan O‘zbekistonning turistik shaharlariga parvozlar uchun yevropa aviatashuvchilarni jalb etish yuzasidan muzokoralar olib borildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro keng qamrovli hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, xususan, yevropalik sayyohlar e’tiborini yanada oshirish maqsadida PR-kampaniyalarini tashkil etish va turistlar oqimini O‘zbekistonga yo‘naltirish bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar beradi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.