Unda filolog olimlar, sanʼatshunoslar, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi. 
Muhokamada soʻzga chiqqanlar filmning 18 yillik konservatsiyasidan soʻng qoʻshimcha suratga olish ishlari olib borib, taqdim etilayotgani – noyob holatligini qayd etib, bu kartinaga oʻzgacha ruh bergani aytildi. Jadid shaxsini ochib berilganligi, falsafiy va chuqur mushohadaga chorlovchi dialoglari, xalq maorifi uchun kurash haqqoniy yoritilgani, aktyorlar jamoasining mahorati Behbudiyshunos olimlar tomonidan yuqori baholandi.

Shuningdek, kartinadagi ayrim epizodlarni anglash, tushunish uchun chuqur bilim talab qilinishi, Behbudiy hayotining baʼzi jihatlariga kamroq eʼtibor berilganligi kabi tanqidiy fikrlar ham bildirildi. Filmni keng omma birday hazm qila olishi uchun ayrim epizodlarni xalqchilroq qilish, serial shakliga keltirish kabi tavsiyalar berildi.

Kinokartinada bolsheviklarning, Buxoro Amirining Mahmudxoʻja Behbudiyga boʻlgan munosabati ochib berilgan. Shuningdek, shu kungacha deyarli film qilinmagan Dukchi Eshon qoʻzgʻoloni, muxtoriyatning yoʻq qilinishi, mardikorlar qoʻzgʻoloni ham haqqoniy yoritilganligi aytildi. 
Sanʼatshunos olimlar, Behbudiy shaxsining vizual mukammalligi, ayrim mayda kamchiliklarni hisobga olmaganda, filmning ekrandagi talqini oʻziga xos koloritni topganligi, jadidning ijodiy faoliyatidagi yondashuvlar yorqin tarzda aks ettirilganligi taʼkidlandi. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasidagi oʻrni, jadidlar yashagan davrdagi siyosiy va ijtimoiy mafkuraning badiiy talqini borasida iliq fikrlar aytildi.

Baqo Sodiqovning “Mahmudxoʻja Behbudiy” filmi oʻzbek milliy kinematografiyasida voqelik boʻldi. Kinomedia klub aʼzolari tomonidan filmning Milliy televizion namoyishini oʻtkazish tavsiya qilindi. Bu aholining jadidlar boʻyicha bilimlarini mustahkamlash, ulugʻ maʼrifatparvarlarni anglash va ulugʻlashda xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati