Elektr taʼminoti yetkazib berila boshlangach, jami 62 ta tabiiy gaz qazib chiqarish konlari, shu jumladan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining yirik konlari, yaʼni “Zevarda”, “Alan” va “Pomuk” jami 27 ta tabiiy gaz qazib chiqarish konlardagi barcha quduqlar va bir qator siquv kompressor stansiyalari toʻliq ish rejimida ish boshladi.

Shuningdek, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi 11 ta tabiiy gaz konlari hamda texnologik qurilmalar ish faoliyati tiklanyapti.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida barcha 23 ta tabiiy gaz qazib chiqarish konlari, qurilmalar va siquv kompressor stansiyasi ishlayapti.

Bundan tashqari, “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari tomonidan Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Janubiy Oʻrtabuloq”, “Somontepa” konlaridagi quduqlar va siquv kompressor stansiyalari, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining Gazdan propan-butan olish qurilmalari, 1- va 2-son siquv kompressor stansiyasi, mahsulot gazini magistral gaz quvurlariga yetkazib berish siquv kompressor stansiyasi hamda “Shimoliy Nishon” siquv kompressor stansiyasida normal ish rejimini tiklash boʻyicha ishlari olib borilyapti.

“Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi”, “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” va “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” ishga tushirilgan boʻlib, ularning ham toʻliq quvvatda faoliyat yuritishini taʼminlash choralari koʻrilyapti.

Shuningdek, suyultirilgan gaz, benzin va dizel yonilgʻisini Respublikaning barcha turdagi isteʼmolchilari, shu jumladan aholi va ijtimoiy soha obyektlariga barqaror yetkazib berish ishlari toʻliq nazoratga olindi hamda uzluksiz yetkazib berilishi taʼminlanyapti.

Taʼkidlash kerakki, “Oʻztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga tabiiy gaz yetkazib berish bosqichma-bosqich tiklanyapti. Har bir vaziyat “Oʻzbekneftgaz” AJda vaqtinchalik tuzilgan Shtab aʼzolari va Markaziy ishlab chiqarish dispetcherlik departamenti mutaxassislari tomonidan monitoring qilib borilyapti, holatlar yuzasidan qoʻshimcha rasmiy maʼlumotlar berib boriladi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.