“Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasi Londonda “Credit Agricole” va “Credit Suisse” xalqaro banklar vakillari bilan uchrashdi

    Investitsiyalar 18 Mart 2022 1214

    “Oʻzbekneftgaz” AJning xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro moliya institutlar tajribasidan samarali foydalanish maqsadida Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Angliyaning London shahrida boʻldi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi Jamiyat delegatsiyasining Londonga tashrifi doirasida “Credit Agricole” va “Credit Suisse” kabi yirik xalqaro banklar vakillari bilan uchrashdi.

    1856-yilda asos solingan “Credit Suisse” banki nafaqat Shveysariyada balki jahonda nufuzli oʻrin tutadi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ delegatsiyasi 2011-yildan buyon global tizimli muhim va ishonchli bank hisoblangan “Credit Suisse” banki bilan uzoq muddatli hamkorlikni rejalashtirgan.

    Uchrashuvda bank jamoasi “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarilishi va qayta ishlanishi, neft mahsulotlari ishlab chiqarilishi hamda uning isteʼmolchilarga yetkazib berilishi kabi masalalarga qiziqish bildirishdi.

    Oʻz navbatida ular “Oʻzbekneftgaz” AJning umumiy faoliyati, uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirilishi hamda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi.

    “Credit Agricole” va “Credit Suisse” banklari vakillari, “Oʻzbekneftgaz” AJning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari asosida tuzilgan moliyaviy hisobotiga ijobiy audit xulosasi berilgani, Jamiyat oʻz tarixida birinchi marta “Fitch Ratings” tomonidan “barqaror” prognozi bilan “BB-” darajasidagi reytingni egallagani hamda London fond birjasida 700,0 million dollar miqdorida debyut yevroobligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirganligini alohida eʼtirof etdi.

    Fransiya moliyaviy konglomerati hisoblangan “Sredit Agricole” xalqaro banki mutasaddilari ham “Oʻzbekneftgaz” AJ faoliyati haqida koʻpgina maʼlumotlarga ega ekanliklarini va mutlaqo befarq emasliklarini taʼkidladi.

    Mamlakat bank bozorining “katta toʻrtligi”dan biri va 2018-yilda oʻz aktivlari boʻyicha dunyodagi eng yirik banklar kuchli oʻntaligidan joy olgan “Sredit Agricole” vakillari ham “GTL Uzbekistan” zavodi borasida qiziqish bildirishdi.

    Banklar vakillari oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanliklarini taʼkidlab, Oʻzbekneftgaz AJ ehtiyojlarini hisobga olgan holda moliyaviy mahsulotlar boʻyicha takliflar berish uchun zarur materiallarni qoʻshimcha oʻrganib chiqishni taklif qildi.

    Uchrashuvlar natijasida doimiy aloqalarni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi va hamkorlikning barcha mavjud istiqbolli yoʻnalishlarini oʻzaro ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.