“Quyi Surgil” konida burgʻilash: ishchilarga munosib sharoitlar yaratilganmi?

    “Ishchi guruh” aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tizim tashkilotlari faoliyati hamda belgilangan rejalarning bajarilishi holatini oʻrganmoqda.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining neft va gaz mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirishni taʼminlash maqsadida, uglevodorod xomashyosini qazib chiqarishni oshirish borasida bir qator qoʻshimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, tabiiy gaz qazib chiqarish maqsadida yangi kon va yangi quduqlar faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Boshqaruv raisi “Quyi Sharqiy Berdaq” 2-sonli qudugʻida boʻlib, burgʻilash ishlarining amalga oshirilishi bilan tanishib chiqdi.

    Avvalo burgʻilash jarayonida ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlarga yetarli sharoit yaratilganligi hamda ularning kuz fasliga moʻljallangan maxsus kiyimlar bilan, yotoqxona bilan toʻla taʼminlanganlik holatini oʻrgandi.

    “Quyi Surgil” konidagi 11-sonli quduqda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida tushlik boʻlib qolganligi sababli, ishchi-xodimlar Boshqaruv raisini tushlikka taklif qilishdi. Yaratilgan sharoitlarni yanada yaqinroq oʻrganish maqsadida ularning taklifi qabul qilinib, “Ishchi guruh” aʼzolari bilan birgalikda koʻchma oshxonada ovqatlanishdi.

    Dastur doirasida Bosh pudratchi tomonidan burgʻilanayotgan “Quyi Surgil–21”, “Sharqiy Berdaq-56NN” va “Sharqiy Berdaq-65NN” quduqlarini joriy yilning oktyabr oyida ishlab chiqarishga topshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Oʻrganish ishlari davomida, Ustyurt regionida joriy yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan geologiya-qidiruv ishlarining barcha tadbirlarini tanqidiy jihatdan qayta koʻrib chiqish, ularni maqsadli qayta rejalashtirish hamda ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

    Boshqaruv raisi bu jarayonda ham avvalo ishchi-xodimlarning ovqatlanish sharoitlarini oʻrganib, ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va meʼyori hamda ularning saqlanishi boʻyicha oʻrganish oʻtkazdi.

    Geologiya-qidiruv ishlarina amalga oshirish doirasida Ustyurt regionidagi maydonlar va obyeklarning yangi istiqbollarini aniqlash, ularning hududidagi chuqur qatlamlarni oʻrganish, barcha maʼlumotlarni kompleks tahlil qilish boʻyicha tahlillarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

    Ustyurda bajarilayotgan ishlar oʻz samarasini bera boshladi va biz raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2021-yilning yanvar-iyul oylari davomida boshqarmada 2,1 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilishiga erishildi, reja koʻrsatkichi ortigʻi bilan, yaʼni 105,8 foizga bajarildi. Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 113,1 foizni tashkil etdi.

    Eslatib oʻtamiz, 2021-yil yakuniga qadar 68 ta geologo-texnik tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan (16 ta gaz quduqlarini burgʻilishdan ishga tushirish, 50 ta gaz quduqlarida kapital taʼmirlash va intensifikatsiya ishlari olib borish va texnologiya yoʻnalishida 2 ta obyektlarni ishga tushirish). Belgilan vazifalarning bajarilishi 956,4 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga zamin yaratadi.