Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlar qanday eʼtirof etiladi?

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 27-fevral kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida Adliya vaziri oʻrinbosari A. Karimov qonun loyihasi yuzasidan deputatlarga batafsil maʼlumotlar berdi.

    Joriy yil 27-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi birinchi oʻqishda deputatlar tomonidan qabul qilindi.

    Mazkur yigʻilishda Adliya vaziri oʻrinbosari A. Karimov tomonidan Qonun loyihasi yuzasidan deputatlarga batafsil maʼlumotlar berildi.

    Taʼkidlanganidek, dastlabki oʻrganishlarga koʻra, hozirgi kunda huquqiy hujjatlari yoʻq yoki toʻliq boʻlmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga boʻlgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi turli sabablarga koʻra oxiriga yetkazilmagan 3,8 mln.dan ortiq 493 ming gektar yer uchastkalari mavjud.

    Shuningdek, amaldagi qonunchilikda ushbu muammoli yer uchastkalariga nisbatan huquqlarni eʼtirof etishning huquqiy asosi va tartibi mavjud emas.

    Ushbu holatlardan kelib chiqib, aholi va tadbirkorlik subyektlarini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarini hal etish, koʻchmas mulk obyektlarini toʻliq davlat roʻyxatiga olinishini taʼminlash hamda yer uchastkalarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida “Oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

    Qonun loyihasi bilan huquqlarni eʼtirof etish quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi belgilab qoʻyilmoqda:

    1) Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar boʻyicha birlamchi maʼlumotlarni kiritadi

    2) vakolatli davlat organlari har bir yer uchastkasi boʻyicha oʻz vakolatidagi maʼlumotlarni tizimga kiritadi;

    3) Avtomatlashtirilgan axborot tizimida toʻliq shakllantirilgan yer uchastkasining elektron yigʻmajildiga oid maʼlumotlar tegishli fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari binolarining eʼlonlar burchagida, Kadastr agentligining veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka eʼlon qilinadi.

    Jismoniy va yuridik shaxslar vakolatli organlarning xulosalari boʻyicha shikoyat qilishi mumkin.

    4) toʻplangan barcha hujjatlarning toʻliqligi va qonuniyligi tizim orqali hududiy adliya organlari tomonidan koʻrib chiqiladi;

    5) ijobiy xulosa berilgan shaxslarga SMS-xabarnoma yuboriladi (fuqaro ariza berishi talab etilmaydi);

    6) xabarnoma asosida bir martalik toʻlovni amalga oshirgan shaxslarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarori bilan huquqlar eʼtirof etiladi (yerga – ijara huquqi, bino-inshootga – mulk huquqi).

    Shu bilan birga, Qonun loyihasida huquqlarni eʼtirof etishning asosiy shartlari, yerlarning toifalarini oʻzgartirish, har bir mahallada jamoatchilik guruhlari tashkil etish va boshqa bir qator masalalar nazarda tutilgan.

    Qonunning qabul qilinishi natijasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy, boshqa bino va inshoot yoki koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtilishi uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi.

    Shuningdek, aholining ijtimoiy (propiska, moddiy yordam, maktab, bogʻcha) hamda bino va inshootlarni kommunal tarmoqlarga ulash boʻyicha yuzaga kelayotgan muammolarining hal etilishiga imkon beradi.