Jamiyat, atrof-muhit inson oldiga tegishli vazifa, maqsad qoʻyadi, yuz berayotgan jarayonlardan xulosa chiqarishga undaydi. Yaʼni inson va jamiyat chambarchas bogʻliq. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon SULTON bilan suhbatimiz yurtimizdagi islohotlar va ularning aholi tafakkuri, orzu-umidlari, qarashlariga taʼsiri haqida boʻldi.
* * *
— Odatda muayyan mamlakat yoki hududning taraqqiyoti haqida soʻz yuritilganda iqtisodiy oʻsish, sanoatlashtirish va yangi texnologiyalarni tatbiq etish, ishlash va yashash uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, shuningdek, aholiga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish, taʼlim kabi jihatlarga koʻproq urgʻu beriladi. Bu toʻgʻri, albatta. Ayni paytda taraqqiyot mamlakatdagi ishlab chiqarish darajasi, yangi texnologiyalarning xalq xoʻjaligi sohalariga qanchalik tatbiq etilgani kabilar bilangina oʻlchanmaydi. Aholining maʼnaviy qarashlari, islohotlarga munosabati, ularda ishtirok etish darajasi orqali ham namoyon boʻladi. Keling, bugun yurtimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, bugunimiz va kelajagimiz haqida fikrlashsak...
— Bu xayrli jarayonlar haqida oʻylamaydigan odam boʻlmasa kerak. Hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki, har biri yillarga teng kunlarda yashayapmiz. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” gʻoyasi ostida mamlakat ravnaq topishi bilan bir qatorda asriy anʼanalarimizga mos ravishda oʻta muhim qadriyat — inson qadri borasida eng yuksak minbarlarda yangragan tashabbuslar yurtdoshlarimiz uchun ham, boshqa oʻlkalar aholisi uchun ham birdek taalluqli. Oddiy qilib aytsak, yangi davrda Oʻzbekistonning har bir tashabbusi insonlarni yaxshilik va ezgulikka chorlab turibdi. Bu har bir oʻzbek qalbida faxr va gʻurur uygʻotishi shubhasiz. Inson qadrining yuksalishi oʻz-oʻzidan milliy oʻzlikning yuksalishini ifoda etadi.
— Vatanimizdagi izchil islohotlarni nomma-nom sanash mushkul. Ularni koʻrib, his etib turibmiz. Ayni paytda shu ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy islohotlar jarayonida insonlar ongi va tafakkuri ham oʻzgarib boryapti deb bemalol aytish mumkin. Aholining kechagi va bugungi orzu-umidlari oʻrtasidagi oʻzgarishlarni qanday izohlay olasiz?
— Islohotlar mamlakat yuksalsin, aholi farovonligi oshsin, xalq oʻz yurtini yanada sevib, koʻz qorachigʻiday ardoqlasin degan ulugʻ niyat bilan boʻlyapti. Rivojlangan davlatlarda xalq bunyod etgan turmush tarziga shohid boʻlgan yurtdoshlarimiz bu haqida kechagina hayratlanib soʻzlardi. Bugun shunday farovonlik yurtimizda vujudga kelmoqda. Yaqin-yaqingacha vatandoshlarimizning imkoniyati tor, orzu-havasi turmushi kabi oddiy edi: “Imorat qurib toʻylar qilsam, oʻgʻil- qizlarimni joylasam, Xudo bersa, mundayroq biron avtomashina olsam, bir oʻzbekka shu yetadi”, der edik. Bugun orzular oʻzgardi: koʻpchilik oilalarda bir emas, bir nechtadan avtoulov bor va ular endi hasham uchun emas, oilaga xizmat qilish uchun gʻizillab yuribdi. “Farzandimni uyli-joyli qilib olsam, vazifamni oʻtagan boʻlaman, qolganini Xudo berar” degan gaplar ham oʻtmishda qoldi. Bugun ota-onalar “Najot bilimdadir” degan hikmatning maʼnosini yaxshi anglaydi, millionlab yoshlar turli soha boʻyicha bilim olishga intilmoqda.
Qaysi birini aytaylik? Taʼlimdan ishlab chiqarishgacha, xalqaro siyosatdan tibbiyotgacha, ijtimoiy himoyadan davlat xizmatlarigacha, transport va logistikadan tadbirkorlikkacha — barcha sohalarda tub oʻzgarishlar sodir boʻldi va davom etyapti! Elga xizmat qilayotgan yuzlab korxonalar, tadbirkorlik shoxobchalari kecha barmoq bilan sanarli emasmidi? Zamonaviy ulkan komplekslar qad koʻtarar ekan, aholi ham gʻayrat bilan tadbirkorlikka kirishib ketganini ayting. Yangi jarayonlar yurtdoshlarimizda intilish hissini uygʻotib yubordi, yaʼni hayotga munosabat oʻzgardi. Yal- yal yonib turgan peshlavhalar, doʻkonlarning shaklu shamoyili, undagi xizmatchilarning muomalasi, insonlarni qiziqtiradigan mahsulotlarning bari yangilik. Ranglar tanlovi ham boshqacha — avvallari oddiy tuslar tanlangan boʻlsa, hozir chorlovchi, daʼvat etuvchi, kishi eʼtiborini tortuvchi ranglar ustun. Avvallari odamlar oddiy usulda kamtarona uylar qurardi, kamdan-kam kishilargina ikki qavatli imorat tiklardi. Endi oddiy kishilar ham ikki-uch qavatli, keng va shinam uylar quradigan boʻldi. Inshootlarning shaklu shamoyili ham yangilanib, qulay yechimlar urf boʻldi. Oldinlari shaharning baland uylari toʻqqiz qavatli boʻlardi, butun shahar boʻylab bir nechtagina oʻn olti qavatli imorat bor edi. Bugun qirq-ellik qavatli binolar qad koʻtargan.
Koʻpchilikning boylik tushunchasi va munosabati ham oʻzgarmoqda. Ilgari ishlab topilgan mablagʻlar oddiy hashamlar uchun sarflangan boʻlsa, bugun elga xizmat tufayli obroʻ-eʼtibor qozonish, katta maqsadlarga yoʻnalish birinchi oʻringa chiqyapti. Kishilar tadbirkorlikning yangi turlariga dadil kirib bormoqda. Boshqacha aytganda, islohotlar ularning ishbilarmonlik qobiliyatini roʻyobga chiqardi. Yangi mexanizmlar ishga tushdi. Avvaliga oddiy xizmat shoxobchalari, doʻkonchalar ochilgan boʻlsa, raqobat kuchaygani sayin ishlab chiqarishning yangi va xususiy turlariga ragʻbat ortdi. Zamonaviy tadbirkorlik zamonaviy bilimlarni talab qila boshladi. Yoshlarning bilim olishga, tajriba orttirishga intilishi kuchaygan deb bejiz aytib oʻtmadik. Chunki raqobat ortgani sayin yangi bilimlarga ehtiyoj paydo boʻldi. Bu jarayon allaqachon boshlanib ulgurdi, tadbirkorlarimiz anʼanaviy oldi-sotdi yoki oddiy baqqollik ish bermasligini allaqachon anglab yetgan.
Shiddat bilan elektron bozor rivojlandi, ajablanarli joyi ham shunda: yaqin- yaqingacha sotuvchi va xaridor bir joyda uchrashadigan va naqd pul muomalasiga asoslangan bittagina bozor bor edi, hozir oʻnlab yangi bozorlar paydo boʻldi. Yurt yuksalishi uchun ulkan yangiliklar muttasil davom etmoqda: milliard dollarlik emas, milliard mijozlik xalqaro bozorlarga dadil kirib borildi. Davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifi “oʻzbek xalqining aql mashʼali” yoritgan ummon orti mamlakatini jalb qilib, eng zamonaviy sohalarda tarixiy shartnomalarga erishildi. Shartnomalar hajmiga qarasak, ikki tomonlama manfaatlarga asoslangan bu munosabatlarda yurtimizga eng soʻnggi texnologiyalar bilan birga ilgʻor bilim va malaka kirib kelishini koʻrsatib turibdi.
Sodda qilib aytsak, ishlab chiqarish yangiliklari oʻzimizniki boʻladi, infratuzilma va xizmat sohasi rivojlanadi, uncha-muncha mamlakat ega chiqolmaydigan noyob mutaxassislar yetishib chiqadi. Xomashyodan bir necha oʻn karra qimmat turadigan tayyor va yarim tayyor mahsulot eksporti kengayadi. Shuningdek, moddiy mahsulotlardan tashqari, aqliy-intellektual mahsullar sotiladigan chek-chegarasiz bozorlarga ham kirib borildi. Tan olish kerak, atigi bir necha yil avval bu voqeliklar xayolda ham yoʻq edi.
Mamlakatda kishilar orzu-istaklarini mamlakat taraqqiyotiga yoʻnaltirishday ulkan jarayon roʻy berib ulgurdi. Misol uchun: ota-ona farzandining ilgʻor bilimlarni egallashini istaydi, davlat esa u farzandni yetakchi taʼlim dargohlariga yuboradi.
— Oliy oʻquv yurtlarida yaxshi mutaxassislarni tayyorlash uchun tegishli darsliklar, zamonaviy jihozlangan, yetarli shart-sharoitga ega taʼlim inshootlari zarur. Shiddat bilan oʻzgarayotgan mehnat bozori talablariga mos keladigan dolzarb oʻquv dasturlari ham, albatta. Ammo katta tajribaga ega mutaxassislar birinchi galda ham chuqur nazariy bilim, ham amaliy tajribaga ega, ayni paytda oʻz malakasini toʻxtovsiz oshirib boradigan kuchli pedagogik jamoa boʻlish kerakligini alohida taʼkidlab keladi.
— Bundan yuz yil avval Germaniyaga oʻqishga yuborilgan yoshlar haqidagi asar va hujjatli film yodingizda boʻlsa kerak. Bugun har yili yuzlab shunday yoshlar jahonning eng nufuzli bilim dargohlarida bilim olmoqda. Qolaversa, dunyodagi eng koʻzga koʻringan olimlar, hatto Nobel mukofoti laureatlari ham yurtimiz universitetlarida yoshlarimizga maʼruza oʻqimoqda. Qarang: ota-ona istagi roʻyob topdi, shu bilan birga, mamlakat zamonaviy mutaxassislarga ega boʻldi. Bularning barchasi kelajak poydevorini yaratish yoʻlidagi hayotbaxsh jarayonlar. Birma-bir sanashning imkoni yoʻq, ammo har jabhada yuksalish roʻy berdi. Bizlar xursand boʻlib eʼtirof etayotgan bu ishlar hali boshlanishi demoqda tashabbus egalari.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda yetti tilni biladigan, oʻz ona tilidan tashqari inglizcha, ruscha, turkcha, ispancha, fransuzcha, xitoycha soʻzlasha oladigan oʻn besh yashar oʻsmir haqida xabarlar tarqaldi. Koʻrsangiz havas qilasiz: chin oʻzbekcha odob, kamtarlik, soflik bilan jilmayib turibdi. “Bir tilni bilgan — bir kishi, yetti tilni bilgan — yetti kishi” degan matal esga keladi. Farzandlarimiz qobiliyatining roʻyobga chiqishi koʻplab tashabbuslarning hosilasi, albatta. Chunonchi, birgina oʻsha oʻsmir mamlakatda taʼlimga boʻlgan eʼtiborning natijalarini, turizm va tadbirkorlik imkoniyatlarining favqulodda kengayganini namoyon qilmoqda. Yangilanishlar kishilar turmushini qanday oʻzgartirayotganiga misol bu. Avvallari bunday yoshlar salkam noyob qobiliyat egasi deb eʼtirof qilinardi, bugun dunyo tillari bilan birga ilgʻor zamonaviy fanlarni egallayotgan, turli fanlar, dasturlash, sunʼiy zako, ilgʻor texnologiyalar tilini biladigan yuzlab-minglab yoshlarimiz yetishib chiqdi.
Endi yangi Oʻzbekistonda vaqt tez va shiddatli, bir oz beparvo boʻlgan kishi orqada qolib ketadi. Bugun islohotlarga, oʻzgarishlarga ochiq boʻlishdan tashqari, bir qadam ilgʻor boʻlish haqida soʻz bormoqda. Bu juda katta koʻlamni qamrab oladi: hayot tarzimiz oʻzgarar ekan, bir-birimizga, davlatimizga, qonunlarimizga, ish va xizmat sohasiga, taʼlimga, ishlab chiqarishga, xullas, barcha- barchasiga munosabatimiz ham yangi pogʻonaga yuksalishi zarur. Kundalik hayotda bu — odamlar bir-birini izzatlashi, toʻgʻrilik, halollik, sobitlik, oʻzaro ishonch taraqqiy topishi tarzida namoyon boʻladi. Hech kim oʻz manfaatini yurti va vatandoshi manfaatidan ustun qoʻymasin, xalqini, mamlakatni sevib ardoqlasin — ana shunday bir jonu bir tan boʻlganimizda yuksak choʻqqilarni birgalashib zabt etamiz.
Shuncha kishining tushunchalarini kelajakka moslash uchun odamga lovillab yonib turgan yurak, fidoyilik kerak, oʻzini elga fido qilishi kerak. Milliy yuksalishning negizi yuksak axloq va odob, insoniy fazilatlarda ekanini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Yurtimiz qoʻshni mamlakatlar, olis va yaqin davlatlar bilan chin oʻzbekcha anʼanalarga mos va xos, boshqalarni hurmatlagan va oʻzining izzatini bilgan tarzda munosabatlar qurdi. Balki endilikda aynan shu siyosat tufayli jahonda “davlatlararo yuksak axloq” degan tushuncha urf boʻlar? Bu goʻzal diyorda koʻp qirrali manfaatlarni koʻzda tutgan xalqaro anjumanlar boʻlib oʻtmagan kun yoʻqligiga barchamiz guvohmiz. Ular, avvalo, el-yurt manfaatlarini koʻzda tutgan holda hudud, mintaqa va dunyo taraqqiyotiga pogʻona boʻlmoqda. Kechagina ovozi hududidan nariga chiqmagan yurt chorlovlari bugun eng yuksak minbarlardan yangramoqda. Yoshlarni yetuk fazilatlar borasida birlashtirish, mintaqa va hududlar taraqqiyotining yangi bosqichlari, ilm-fan, madaniyat borasidagi hamkorliklar, qisqasi, dunyo taraqqiyotiga aloqador oʻnlab xayrli yechimlar oʻrtaga tashlanmoqda.
— Ahli donish yaqin va uzoq kelajak aslida bugungi kunlardan, bugun amalga oshirayotgan xatti-harakatlardan boshlanadi deb taʼkidlaydi. Kishilarimiz biz soʻz yuritayotgan islohotlarning bevosita ishtirokchisi, guvohi. Shu maʼnoda, ularning ertamiz haqidagi tasavvurlariga ham toʻxtalsak.
— Bugungi kunda kelajakka nekbin qarashimiz judayam zarur. Chunki xalq bir, vatan bir. Shunday bir zamonda yashayapmizki, tengi yoʻq diyorimizni, har bir kishimizni izzatlashimiz va ardoqlashimiz shart.
Yangilanishlar kishilarning davlatga munosabatini ham oʻzgartirganini quvonch bilan eʼtirof etish lozim. Oʻtmishda xalq va davlat oʻrtasida jarlik bor edi. Davlat xalq xizmatida boʻlsin degan tamoyil doirasida qilingan ishlar bu borada haqiqiy burilish boʻldi, buni kattayu kichik eʼtirof etadi.
Yurtimiz dunyoda tobora ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Koʻplab sohalarda Oʻzbekiston ilgʻorlikka erishmoqda. Siyosatda, xayrli tashabbuslarda, ishlab chiqarishda, tijorat va tadbirkorlikda ustunmiz. Yangi karvon yoʻllari bunyod etilmoqda, yangi bozorlar ochilmoqda. Tez orada yurtimiz juda katta mablagʻ, bilim, texnologiya oqimlarining markazidan oʻrin olishi aniq boʻlib qoldi. Oʻzbekiston Sharq bilan Gʻarbni bogʻlovchi oʻta muhim koʻprikka aylanadi, buni bugun “xab” deb aytish urf boʻlgan. “Xab” — hamma imkoniyatlar, sharoitlar, maʼlumotlarni oʻzida jamlagan markaz boʻlsa, butun boshli mamlakatning xabga aylanishi misli koʻrilmagan imkoniyatdir. Shu sababli qonunlarimiz, tushuncha va tartiblarimiz, infratuzilmalar, logistika va transport, xizmat sohalari, boringki, jamiyatimiz yurtimizdan oʻtadigan shu katta oqimga tayyorlanib borilyapti. Oʻzingiz ayting, milliardlab mablagʻ va texnologiya oʻtadigan bu oqimdan xalq manfaati yoʻlida foydalanish uchun odamlarimiz qanaqa boʻlishi kerak?
Dunyo tobora raqamlashmoqda, yangi Oʻzbekiston uchun ilgʻor bilimli muhandislar, dasturchilar, qonunshunoslar, iqtisodchilar, qishloq xoʻjaligi ustalari kerak. Bu zamonaviy zavod-fabrikalar qurishdan koʻra ming marta murakkab ish. Chunki shunday mutaxassislar qatlami hosil boʻlsa, unday zavod-fabrikalarni xalqning oʻzi quradi. Oliy va kasbiy taʼlimga eʼtibor berilganining sababi shunda. Taʼlimdagi “sakrash”ning mohiyati ham kelajakka yoʻnalgan, mamlakatni rivojlangan davlatlar qatorida koʻrishday ulugʻ va hayotbaxsh niyatning pillapoyalari deb bilamiz.
Bir misol: Prezidentimizning “Kasbiy taʼlim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatdagi maktabgacha va maktab taʼlimini oliy taʼlim dargohlariga uzviy bogʻlashi bilan birga, xalqona qilib aytganda, “ikkita qoʻli bor odamga uchinchi qoʻlni” taqdim qiladi. Yaʼni taʼlimning takomillashtirilishi, dual taʼlimning joriy qilinishi yoshlarimizning zamonaviy kasb- hunarga ega boʻlishini va pirovardida malakali mutaxassis kerak deb bong urayotgan ish beruvchiga “yetib borishini” taʼminlaydi. Bir necha yillik jarayonga nazar tashlasak, fanda katta yangilanishlar roʻy berganini, ilmiy darajaga ega boʻlgan yurtdoshlarimiz soni bir necha karra ortganini, tadqiqotlar koʻlami kengayganini, oliy taʼlimda yangi yoʻnalishlar barpo etilganini va xususiy soha shiddat bilan rivojlanganini, bu borada qabul qilingan qarorlar mamlakatning eng ishongan kuchi boʻlmish yoshlarni maktabdan oliy taʼlimga va xalq xoʻjaligiga olib oʻtuvchi koʻprik boʻlib xizmat qilishini tushunib olamiz. Barcha xayrli jihatlaridan tashqari, bu tashabbusda mamlakat yoshlarini kelajakka tayyorlash maqsadi bor.
— Fan-texnika, texnologiyada paydo boʻlgan yangiliklar odatda hayrat, qisman hadik, soʻng kuchli bahs-munozara, tortishuvlar bilan qabul qilinadi. Shu maʼnoda, koʻplab mamlakatlar nafaqat targʻib qilayotgan, shu bilan birga, keng foydalanayotgan sunʼiy intellekt borasida nimalar deya olasiz?
— Haqiqatan, yaqin kelajakda turmushimiz ilgʻor texnologiyalar tufayli katta oʻzgarishga uchrashi ayon. Ulugʻlarimiz “Hech bir inson qobiliyatsiz yaralmaydi” degan gapni koʻp aytardi. Aholining bilim va maʼlumotga boʻlgan ehtiyojini sunʼiy zako qondiradi, virtual voqelik esa real va virtual olam oʻrtasidagi chegarani tobora ozaytirib boradi. Bular texnologik qulayliklar boʻlsa, masofaviy ish faoliyati keng urf boʻladi. Bugungi ofislar tubdan oʻzgaradi, binolar boshqa maqsadlarga yoʻnaladi. Koʻplab sohalarda insonlar oʻrnini “aqlli” texnologiyalar egallaydi. Qiziq- da: bir paytlar insonlarning jismoniy mehnatini texnik qurilmalar bajara boshlagan, shu bilan jismoniy mehnat kam haq toʻlanadigan yumushga aylangan edi. Dunyo bir aylanib, endilikda bir qator aqliy yumushlarni ham elektron qurilmalar bajaradigan boʻldi. Vaziyatga tushkun qaraydigan kishi: “Axir qoʻlimizdagi ishimizni olib qoʻyyapti-ku” deb xavotir oladi. Nekbin qaraydigan kishi esa mohiyatni darhol tushunib yetadi: bu jarayon hazrati insonning har qachongidan ham koʻra yuksakroq, sunʼiy va “aqlli” texnologiyalarning “qoʻlidan kelmaydigan” salohiyati — yangilik yaratish qobiliyatining roʻyobga chiqishi haqida bormoqda. Yaʼni bilim oling, tushuncha ufqlarini kengaytiring: yaratuvchanlik, zamonaviy ibora bilan aytganda, kreativlik qobiliyatingiz roʻyobga chiqishi zarur. Bu esa hazilakam qobiliyat emas va unga urfdagidan koʻra yuzlab baravar koʻp haq toʻlanadi. Boshqacha aytganda, taraqqiyotning oʻzi inson qadrining yuksalishini va sharaflanishini taqozo qilyapti. Yurtimizda esa ayni shu jihatga yuksak eʼtibor qaratilgani bejiz emas.
— Odamlar farovon yashashiga xizmat qiladigan jamiki yangiliklar, texnik ixtirolar taraqqiyot belgilari sifatida baholanadi. Lekin inson uchun eng katta va oʻta muhim omil, eng katta boyligi xotirjamligi emasmi? Bunda birinchi galda oʻlmas qadriyat boʻlgan tinchlik, birdamlik, maʼnaviyat va maʼrifatni nazarda tutyapman.
— Davlatimizning ochiqlik siyosati tufayli hayotimizga kirib kelgan qulayliklar koʻp, ammo bularning barchasi turmushning axloq bilan, yaʼni oʻzligimiz bilan bogʻliq masalalarni qatʼiyat ila ilgʻorga olib chiqishni taqozo qiladi. Maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerakligining ahamiyati shunda namoyon boʻladi.
Yuksak maʼnaviyat — yuksak insoniylik degani. Bir necha oʻn yil ilgarini koʻra olish uchun juda katta salohiyat va bilim zarur. Ulugʻ maqsadlar deyilganida koʻzlangan yuksak marralarga eltuvchi qudrat, eng avvalo, maʼnaviyat ekanligi qayta-qayta taʼkidlanmoqda.
Bugun kishilarimiz avvalgiday emas, emin-erkin. Imkoniyatlarini roʻyobga chiqara olishi uchun koʻplab sharoitlar yaratib berilgan. Shu bilan birga, jahondagi oʻzgarishlardan xabardor, yangi bilim va texnologiyalarni diqqat bilan kuzatib borishmoqda. Modomiki, niyatlar ezgu, maqsadlar ulugʻ ekan, yurt yuksalishi yoʻlida har qachongidan ham koʻra jipslashishimiz, birlashishimiz judayam shart boʻlib turibdi. Duogoʻy ota-onamiz, qavmu qarindoshimiz, bir tanu bir jon boʻlgan yaqinlarimiz, jigarlarimiz, butun xalqimiz birgalashib, yuksalish jarayonlarimizni qoʻllab-quvvatlashimiz zarur.
Hazrat Alisher Navoiy bobomizning ushbu misralari bugun uchun ham dolzarb boʻlib jaranglamoqda:
Tuxm yerga kirib, chechak boʻldi,
Qurt jondin kechib, ipak boʻldi.
Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmi?!
Pilla qurticha himmating yoʻqmi?!
Mamlakatimizda barq urayotgan yangi davr aynan gʻayrat-shijoat, himmat va muruvvatni, yangilikchi va yaratuvchan boʻlishni taqozo etayotgani ayon.
Buncha ishlarning juda muhim jihati bor bu — baraka! Yurtimizni bejiz barakotli deyishmaydi. Ayni shu yangilanishlar ham, niyatlarning amalga oshishi ham, boringki, xalqimizning oʻzi ham shu barakaning namoyon boʻlishi, desak yanglishmaymiz.
Bular — yurakdagi gaplar-da. Dunyo muttasil oʻzgarmoqda. Jahonning turli burchaklarida ziddiyatlar olovi susaygani yoʻq. Tavba, hazrat Odam Ato oʻgʻillaridan qolgan zoʻravonlik va kibr urushlari davom etib kelmoqda. Bizning yurtimiz, xalqimiz esa har doimo tinchlik-totuvlik tarafdori, shu talatoʻp makonda ezgu anʼanalariga sodiq holda yuksalish yoʻlini tutgan. Oʻzbekiston Prezidenti raisligida Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston Prezidentlari ishtirokida oʻtgan Maslahat uchrashuvini barchamiz faxr va gʻurur bilan kuzatdik. Bu misli koʻrilmagan tashabbus nafaqat yurtimizni, balki mintaqani yangi taraqqiyot yoʻliga boshlashini kafolatlaydi. Barcha bu yangilanishlarning tashabbuskori ona yurtimiz, vatanimiz ekanligi barchamizga gʻurur bagʻishlaydi. Har kuni oʻzgarayotgan dunyoda bu juda qatʼiy va muhim tashabbus. Oʻylab koʻrsangiz, qancha hikmat bor.
Davrimiz yangilanishlari yurtimiz tuproqlarida yashab oʻtgan barcha ajdodlarimizga savobi tegadigan, bugun yashayotgan va kelajakda dunyoga keladigan avlodlarning haqli eʼtirofiga sazovor boʻladigan goʻzal, farovon, taraqqiy etgan vatan barpo etishday ulugʻ davr boʻlib tarixga muhrlanishiga shubha yoʻq.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Rustam BOYTOʻRA suhbatlashdi.