Viloyat IIB axborot xizmatining maʼlum qilishicha, fuqaro Samarqand shahar IIO FMB 7-sonli IIBga murojaat qilib borgan vaqtida, u yerda notanish bir kimsa oʻzining IIVda ishlashini aytib, nima sababdan u yerga kelganini soʻrab bilgan.
Soʻng fuqaroni qoʻrqitib, ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5 000 dollar talab qilgan. Fuqaro oʻsha kimsa bilan oʻrtalarida boʻlib oʻtgan suhbatni telefoniga yozib olgan va uni IIV SHXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlariga topshirgan.
Fuqaroning arizasiga asosan 2023-yil 2-mart kuni IIV SHXBB Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Tadbirda oʻzini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarodan 5 000 dollarni olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u 1992-yil Past Dargʻom tumanida tugʻilgani, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab keyin boʻshagani va bugun vaqtincha ishsiz ekani maʼlum boʻlgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.