Shu bilan birga qonuniy faoliyat yuritishlarini ragʻbatlantirish maqsadida bir qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4742-sonli qarori ham shular jumlasidandir.
Qarorga asosan jismoniy shaxslar 67 ta faoliyat turidan istalgani bilan shugʻullanishi va buni qonuniy roʻyxatdan oʻtkazishlari mumkinligi, jumladan chorva mollarini oʻtlatish, ularga qarab turish, jismoniy shaxslarga kompyuterlarni taʼmirlash va sozlash, litsenziyalangan dasturiy taʼminot oʻrnatish, velosipedni taʼmirlash, mexanizatsiya vositalarini qoʻllamay bajariladigan yuk ortish-yuk tushirish ishlari bilan shugʻullanuvchi shaxslar oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtishlari mumkinligi batafsil tushuntirilmoqda, - deydi Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish boʻlimi boshligʻi Abror BEKMATOV. - Joylarda olib borilgan ana shunday tashviqot va targʻibotlar natijasida bugungi kunda viloyatimizda 6 ming nafarga yaqin oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar SOLIQ mobil ilovasi orqali oʻzini-oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtdi.
“Soliq” mobil ilovasi orqali masofadan turib, bepul roʻyxatdan oʻtayotgan fuqarolar ushbu qulaylikdan juda mamnun.
Ayni vaqtda oʻzini oʻzi ish bilan taʼminlashga ruxsat etilgan 67 ta faoliyat turi boʻyicha Sirdaryo viloyatida eng talabgor yoʻnalish – Qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha xizmatlar (chorva mollarini oʻtlatish, ularni parvarish qilish, qishloq xoʻjalik oʻsimliklarini ekish va parvarish qilishda tomorqa egalariga yordam berish) boʻlib turibdi. Mazkur yoʻnalishda 1527 nafar aholi bandligi taʼminlandi.
Boshqa yoʻnalishlar: Maishiy xizmatlar (sartaroshlik, manikyur, kosmetolog, pedikyur, uyda kir yuvish va dazmollash, kalitlar tayyorlash, poyabzal tikish, taʼmirlash va boʻyash xizmatlari) sohasida esa 1337 nafar shaxs oʻzini oʻzi band qilgan.
Sanoat yoʻnalishi boʻyicha xizmatlar (yogʻoch meʼmorchiligi, santexnika xizmati, elektr montaj ishlari, makulatura, plastik idish, temir tersak toʻplash va qoʻshimcha xomashyo toʻplash) bilan 730 nafar shaxs shugʻullanmoqda;
Xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishda (non, uyda pop-korn, muzqaymoq, salatlar, salqin ichimliklar, ayron, goʻja hamda dehqon bozorlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotish) 696 nafar fuqaro roʻyxatdan oʻtdi;
Ijtimoiy yoʻnalishlar boʻyicha xizmatlar (uyda repetitorlik qilish, bolalarga qarab turish va ularni parvarish qilish, uy xoʻjaligini yuritish, xonalarni tozalash, xalq tabobati) sohasini 1248 nafar shaxs maʼqul topgan;
Axborot kommunikatsiya yoʻnalishi boʻyicha xizmatlar (ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, dasturiy taʼminot, mobil ilovalar va veb saytlarni ishlab chiqish, matnni yaratish va ishlov berish) 63 nafar shaxs roʻyxatga olindi.
Eʼtiborlisi, yuqoridagi faoliyat turlari bilan oldinlari yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin edi. Endilikda esa oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar ham ushbu faoliyat turlari bilan bir vaqtning oʻzida shugʻullanishlari mumkin boʻldi.
Quvonarlisi, ushbu amaliyot orqali minglab norasmiy sektorda ishlab kelayotgan jismoniy shaxslarning faoliyati qonuniylashtiriladi. Ularga ijtimoiy soliq toʻlangan davrda ish staji hisobga olinadi hamda kelgusida pensiya taʼminotiga asos yaratiladi.
Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi
Matbuot xizmati.