U ham boʻlsa, millatga berilgan ulugʻ neʼmat — tildir. Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.
Ajdodlarimizning milliy oʻzligimizning bosh mezoni hisoblangan tilga boʻlgan bu darajadagi kuyunchakligini oʻsha davrdagi siyosiy-ijtimoiy talotumlar taqozosi sifatida qarashimiz tabiiy. Ammo ular bildirgan xavotirlar har qaysi davr uchun ham dolzarbdir.
Taʼkidlash joiz, xalqimiz orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning 1989-yil
21-oktyabrda qabul qilinishi mustaqillik va mamlakat suvereniteti sari qoʻyilgan dastlabki, shu bilan birga, jasoratli qadam edi. Ushbu tarixiy hujjat tufayli oʻzbek tili yuksak maqomga ega boʻldi.
Oradan oʻttiz yil oʻtib, oʻzbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan yana bir muhim hujjat imzolandi. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabr kuni “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni imzolandi. Mazkur hujjat bilan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlanadigan boʻldi.
Kuni kecha esa Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti qator mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” respublika tanlovini eʼlon qildi. Uchinchi marta tashkillashtirilayotgan tanlovdan maqsad oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targʻib qilish, unga nisbatan milliy gʻurur hissini tarbiyalash, eng muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal qilishda ilmiy-amaliy yondashuvni rivojlantirishdan iborat.
Tilga boʻlgan hurmat, unga berilayotgan eʼtibor faqat hujjatlaru qogʻozlarda emas, balki amalda koʻzga tashlana boshladi. Oʻzbek tili jahonning yuksak minbarlaridan yangradi. Oʻzbekiston Prezidenti 2020-yil
23-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishida mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk marta davlat tili — oʻzbek tilida nutq soʻzladi.
Oʻzbekiston koʻp millatli mamlakat. Hozirda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Koʻplab taʼlim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari oʻzbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman tillarida faoliyat koʻrsatmoqda. Davlatimiz barcha millatlarning tili va madaniyatini rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratgan.
Maʼlumotlarda taʼkidlanishicha, yer yuzida 5621 ta til va sheva mavjud. Hozirgacha ulardan 500 tasigina oʻrganilgan, xolos. Har uch tildan bittasining yozuvi yoʻq, faqat ogʻzaki nutq shakliga ega.
Dunyoda ogʻzaki nutq shaklidagi tillardan tashqari imo-ishoralar tili ham bor. Masalan, yaqinda Janubiy Afrika Respublikasida mamlakat parlamenti konstitutsiyaga kiritgan oʻzgartishlarni tasdiqladi, unga koʻra, janubiy afrikaliklarning imo-ishoralar tili davlat tili maqomiga ega boʻldi.
Ayni paytda sayyoramizda oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni qariyb
50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biri ekanini namoyon qiladi. Bugun oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotda keng qoʻllanilib, uni oʻrganish va tadqiq etishga boʻlgan qiziqish nafaqat yurtimizda balki xorijiy mamlakatlarda ham kuchayib bormoqda.
Ammo tan olib aytish lozim, sohada oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Tilimiz bilan bogʻliq ayrim masalalarda qaysi qoidalarga tayanish kerakligi yuzasidan bir toʻxtam yoʻq. Albatta, bu jarayonda Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Axmad Yugnakiy kabi buyuk ajdodlarimizdan qolgan boy maʼnaviy merosga murojaat qilish oʻrinli.
Xususan, Mahmud Qoshgʻariyning “Devoni lugʻatit-turk” asari turkiy xalqlarning tilshunosligiga hamda madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan. U har bir turkiy qabila tiliga xos boʻlgan dialektal xususiyatlarni aniqlagan. Qoshgʻariy turklar, turkmanlar, oʻgʻuzlar, chigillar, yagʻmolar, qirgʻizlarning shaharlari, qishloq va yaylovlarini kezib lugʻatlarini toʻplagan. Turli soʻz xususiyatlarini aniqlagan va tartibga solgan. Asarda 6 mingdan ortiq turkiy soʻzlarga atroflicha izoh berilgan boʻlib, bu juda katta qamrovdir.
Oʻzbek adabiy tilining shakllanish davrini koʻrsatuvchi asarlar sirasiga Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarini kiritish mumkin. Podsho Kuntugʻdi, dono vazir Oytoʻldi, Oytoʻldining oʻgʻli Oʻgdilmish oʻrtasidagi suhbatdan iborat asar sheʼriy pandnoma boʻlib, XI asr qabila tillarini birlashtirishga va u tilni rivojlantirishga katta hissa boʻlib qoʻshildi. Shuning uchun bu asar tilida oʻzbek, uygʻur, qirgʻiz kabi turkiy tillarga xos boʻlgan xususiyatlar oʻz aksini topgan.
“Hibatul haqoyiq”. Ulugʻ adib Ahmad Yugnakiyning mazkur asari badiiy soʻz sanʼati va oʻzbek adabiy tilining juda qimmatli yodgorligidir. Turkiy tillar, jumladan, oʻzbek tili tarixini ilmiy ravishda chuqur oʻrganishda “Hibatul haqoyiq” asari eng muhim manbalardan biri hisoblanadi.
Bir soʻz bilan aytganda, har uchala asar ham hozirgi turkiy tillarni oʻrganishda va ularning qiyosiy tarixiy grammatikasini yaratishda qimmatli manba boʻlib xizmat qilmoqda.
Hozirgi globallashuv har qanday halq va davlatni oʻzining milliy madaniyati, qadriyatlari, anʼanalarini va ayniqsa, tilini asrab-avaylash hamda rivojlantirib borishni taqozo etmoqda. Shunday ekan, oʻzbek tilining obroʻ-eʼtiborini oshirish, mamlakatimizda davlat tilining toʻlaqonli joriy etilishini taʼminlash har bir millatdoshimizning muqaddas burchi boʻlmogʻi lozim.
Hojiakbar TOʻLAGANOV,
“Oʻzagrosugʻurta” AJ boshqaruv raisining maslahatchisi