"Oʻztemiryoʻlovchi": Turkiyalik sayyohdan 100 ming soʻm pora olib, joyini almashtirib bergan poyezd xodimi topilmadi

    Transport 19 Oktabr 2023 1152

    Ijtimoiy tarmoqlarda turkiyalik sayyoh pul evaziga oddiy joyini yuqoriroq darajadagi oʻringa almashtirganini aytgan video tarqaldi.

    Unda sayyoh Toshkent-Andijon yoʻnalishida harakatlanayotgan poyezdga chiqqani va 100 ming soʻm evaziga “VIP” joyga oʻtganini aytgan. Holat yuzasidan “Oʻztemiryoʻlovchi” munosabat bildirdi.

    Keltirilishicha, tarqalgan holat boʻyicha oʻrganish olib borilgan. Ammo kerakli maʼlumotlar (qaysi kun, qaysi poyezd, qaysi vagon) ekanligini video rolikda aks etmaganligi sababli holat oʻz isbotini topishini va aybdor xodimni aniqlashning imkoniyati topilmagan.

    Yuqoridagi holatlar uchragan taqdirda, zudlik bilan jamiyatning ishonch telefoniga (+99871-299-94-50) qoʻngʻiroq qilishingizni yoki telegram manziliga murojaatingizni qilishlaringizni soʻrab qolamiz”, – deyiladi xabarda.