Pandemiya davrida jismoniy tarbiya va sport sohasi qanday rivojlanmoqda?

    Suhbat 25 Iyul 2020 10197

    2020-yil nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo sportida muhim yil boʻlishi kutilayotgandi. Jumladan, 24-iyul – 9-avgust kunlari kunchiqar yurt Yaponiyada XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari oʻtkazilishi belgilangan, yurtimizda ham koʻplab nufuzli musobaqalar va tadbirlar oʻtishi lozim edi. Ammo...

    Koronavirus pandemiyasi tufayli rejalar butkul oʻzgarib ketdi. “Tokio–2020” bir yil keyinga surildi, koʻplab sport tadbirlari kechiktirildi yoki bekor qilindi. Xullas, orzular, rejalar, maqsadlar oʻzgardi.

    Koronavirus balosi inson uchun salomatlik naqadar qadrli neʼmat ekanini teran anglashni, sogʻlik qadriga yetishni oʻrgatdi. Bu ofat odamlarda jamiyatga, atrofda roʻy berayotgan voqea-hodisalarga boshqacha nazar bilan qarashga, sogʻlom kuchlarning jipslashishi, ommaviy madaniyatni yuksaltirish naqadar dolzarb vazifa ekanini anglatdi. Pandemiyaning keng tarqalishi jamiyatda inson salomatligini mustahkamlashda jismoniy tarbiya va sportning oʻrni naqadar ahamiyatliligini yana-da yorqinroq namoyon etdi. Bugun jahonning koʻplab davlat va nodavlat tuzulmalarida oʻtkazilgan monitoringlar, taqqoslar, tahlillar jismoniy madaniyat bilan muntazam shugʻullangan, faol hayot tarziga ega odamlarda kasallikka chalinish darajasi juda ham pastligini yana bir bor koʻrsatib qoʻydi.

    Xoʻsh, kishi sogʻlom boʻlishi uchun nimalarga ahamiyat berishi kerak? Karantin davrida qanday qilib sport bilan shugʻullanish mumkin? Hozirgi murakkab, barcha oʻzini yakkalash sharoitida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining faoliyati qanday tashkil etilmoqda? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida biz jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev bilan suhbatda boʻldik.

    — Pandemiya sharoitida vazirlik faoliyati qay yoʻsinda tashkil etilmoqda? Umuman, pandemiya sport sohasiga qanchalik taʼsir koʻrsatdi?

    — Pandemiya barcha sohalarda boʻlgani kabi jismoniy tarbiya va sport sohasiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Boshlanishida sport tashkilotlari, federatsiyalar, sport maktablarida bunday sharoitda ishni qanday tashkil etish, mashgʻulotlar uzluksizligini taʼminlash, ayniqsa, nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik olib borayotgan sportchilarning jismoniy yuksak holatini saqlab qolish masalasida sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan vaziyatlar ham boʻldi. Biroq Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda koʻrilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida mashgʻulotlarni masofadan olib borish dasturi ishlab chiqildi. Bilasiz, toʻrt yil kutilgan “Tokio–2020” Olimpiya oʻyinlari bir yilga kechiktirildi, juda koʻplab sport musobaqalari qoldirildi, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari toʻxtatildi. Bunday qaltis jarayonda rosti, jahon sporti bir muddat “oʻzini yoʻqotib qoʻyganligi” bor gap. Shunday boʻlsa-da, kundalik faoliyati jismoniy tarbiya bilan bogʻliq yurtdoshlarimizda sport hayoti bir zum boʻlsa-da toʻxtagani yoʻq. Eʼtiborlisi, mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport tizimi, uning minglab murabbiy va sportchilari, mutaxassislari koronavirus bilan mardonavor kurashmoqda. Sportchi va trenerlar, mutaxassislarimiz bu kunlar oʻtib ketishi, oldinda Vatanimiz shaʼni himoya qilinadigan jiddiy musobaqalar kutib turganini teran anglashmoqda. Shu bois, joriy yilning 16-martidan eʼlon qilingan dastlabki karantin davridan sportchi va trenerlar mashgʻulotlarni toʻxtatgani yoʻq. Bu borada maxsus oʻquv rejalar va mashgʻulotlar mundarijasi ishlab chiqilib, sport maktablari va federatsiyalar orqali har bir trenerga yetkazildi. Ular esa, oʻz navbatida, qoʻl ostida shugʻullanib kelayotgan sportchilar bilan onlayn mashgʻulotlar oʻtkazishni boshladi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Sport” telekanali bilan hamkorlikda malakali trenerlar ishtirokida onlayn teledarslar oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi va har kuni ertalabki dasturlar orqali 10 daqiqadan uy sharoitida bajarish mumkin boʻlgan mashqlar namoyish etib borilmoqda. Qolaversa, taniqli sportchi va trenerlar ishtirokida “Sport bilan koronavirusni yengamiz!” aksiyasi doirasida videoroliklar tayyorlanib, telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari orqali muntazam yoritilmoqda.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi taʼlim muassasalarida 1-apreldan masofaviy oʻqitish joriy etildi. Barcha fanlardan tayyorlangan maʼruzalarni videoportal hamda telegram kanallari orqali yetkazish yoʻlga qoʻyildi. “Online maktab” loyihasi doirasida tashkil etilgan masofaviy televizion videodarslar orqali maktab-internat oʻquvchilari umumtaʼlim fanlarini toʻliq oʻzlashtirishiga erishildi. Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlarini onlayn (masofaviy) tarzda davlat imtihonlari shaklida oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning Nukus, Samarqand, Fargʻona filiallarida masofaviy oʻqitishga jami 1 352 nafar tinglovchi hamda 145 nafar professor-oʻqituvchi jalb etildi.

    Darvoqe, vazirligimiz tomonidan amalga oshirilgan xayrli ishlardan yana biri — poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga karantin davrida uyda qolgan yurtdoshlarimiz uchun Olympic virtual muzey xizmati yoʻlga qoʻyilganligidir. Ushbu xizmatdan foydalanish orqali xalqimiz uyida turib jahon arenalarida oʻzbek sportining dovrugʻini koʻklarga koʻtarib kelayotgan sportchilarning yorqin gʻalabalari aks etgan fotolavhalardan bahramand boʻlishi mumkin.

    — Karantin davrida vazirlik tashabbusi bilan koʻplab onlayn musobaqa va chellenjlar tashkil etildi. Umuman, avvallari onlayn musobaqalar juda kam oʻtkazilardi. Shu maʼnoda, aholining masofaviy bahslarga qiziqishi qanday boʻldi, ushbu tadbirlar kutilgan darajada samara berdimi?

    — Darhaqiqat, karantin davrida xalqimizni uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishga daʼvat etish maqsadida qator chellenjlar oʻtkazildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Eʼtiborlisi, bu musobaqalarga koʻproq havaskorlarni jalb etishga harakat qildik. Jumladan, yurtdoshlarimiz orasida sport bilan faol shugʻullanishni keng targʻib etish maqsadida “uyda qol!”“hayotga qoʻshil!”“sport challenge” eʼlon qilindi. 6-apreldan 10-maygacha davom etgan chellenjga respublikamizning barcha hududlaridan uy sharoitida bajarilgan sport mashgʻulotlari aks etgan jami 10 mingdan ortiq videolavha kelib tushdi. Umumiy hisobda chellenj oʻrtacha 25-30 ming yurtdoshimizni qamrab oldi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Chellenj 7 ta bosqichda tashkil etildi. Quvonarlisi, chellenjni yurtdoshlarimiz juda iliq qarshi olishdi. Masalan, Navoiy viloyati Nurota tumanidan yuborilgan bir videorolikda uch, ehtimol toʻrt avlod vakillari ishtirok etganligi bizni hayratga soldi. Rolikda 86 yoshli onaxon, uning 68 yoshli oʻgʻli, 63 yoshli kelini, 35-40 yoshlar atrofidagi oʻrta avlod vakillari, bular nabiralari boʻlsa kerak nazarimda, yosh bolakaylar, qisqasi 6-7 kishi ishtirok etishgan. Shuningdek, xalqimiz orasida kompyuter sporti, yaʼni kibersportni yana-da ommalashtirish maqsadida Esports Uzbekistan federatsiyasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk marotaba “MINSPORT ONLAYN KUBOGI” tashkil etildi. Kibersport musobaqasida jami 4 617 nafar havaskor sportchi qatnashdi.

    Qolaversa, 11-maydan 20-mayga qadar “Uyda qol va gʻalaba qozon!” shiori ostida shaxmat boʻyicha birinchi onlayn Oʻzbekiston chempionati tashkil etildi. Mazkur turnir onlayn tarzda, shveysarcha tizimda Chess.com oʻyin platformasi orqali oʻtkazildi. Oʻnta turdan iborat musobaqa koʻpchilikda ijobiy taassurot qoldirdi. 3 000 nafarga yaqin havaskor shaxmatchi ishtirok etgan musobaqada 10 nafar gʻolib aniqlandi. Bu roʻyxatga yana karatening “kata” va taekvondoning “pumse” yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan onlayn musobaqalar, bahodirlar oʻyinlari va tosh ­koʻtarish boʻyicha onlayn Oʻzbekiston chempionati, onlayn yugurish kabi musobaqalarni qoʻshish mumkin.

    Sanab oʻtilgan chellenjlar yurtdoshlarimiz tomonidan juda yaxshi kutib olingani, qolaversa, pandemiya sababli karantin holati choʻzilayotgani, mazkur vaziyatda aholini jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga jalb etish orqali ular salomatligini mustahkamlash va immunitetini koʻtarishga hissamizni qoʻshish maqsadida vazirligimiz tashabbusi bilan “Onlayn yurish”, “Onlayn yugurish”, “Onlayn velomarafon”, “Onlayn shaxmat” chellenji hamda kibersport boʻyicha 8 ta yoʻnalishda “MinSport eSropts CUP” musobaqalarini yangi yilgacha davom ettirishga qaror qildik. Ushbu tadbirlar orqali aholi orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish koʻzda tutilgan. Onlayn musobaqa va chellenjlarda faol qatnashgan yurtdoshlarimiz nafaqat salomatligini mustahkamlashi, balki qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, onlayn shaxmat musobaqasining mutlaq gʻolibi “Spark” avtomobilini qoʻlga kiritish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Prezidentimizning 2020-yil 24-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, vazirligimiz oldiga joriy yilda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanayotgan aholi sonini 18 foizgacha yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Garchi pandemiya tufayli sport tadbirlari oʻtkazilmayotgan boʻlsa-da, bu vazifani hech kim zimmamizdan soqit qilmagan. Onlayn sport tadbirlari orqali biz ana shu vazifani bajarishga harakat qilmoqdamiz. Qolaversa, ommaviylikni oshirmasdan turib, professional sportda ulkan yutuqlarga erishib boʻlmaydi.

    — Tokio — 2020 Olimpiadasiga tayyorgarlik bugungi kunda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalardan biri. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    — Tokio Olimpiadasiga munosib tayyorgarlik koʻrish davlatimizning doimiy eʼtiborida. Oʻzbekiston Prezidentining 2017-yil 9-martdagi “Oʻzbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahri (Yaponiya)da boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga tayyorgarlik ishlari murakkab vaziyatga qaramasdan tasdiqlangan dastur asosida olib borilmoqda. Pandemiya sharoitida ham boʻlgʻusi olimpiyachilarga barcha qulayliklar yaratib berildi. Har bir olimpiyachi uchun uy sharoitida mashgʻulotlarni toʻlaqonli olib borishi, ularning salomatliklarini muntazam nazorat qilish borasida maxsus dastur ishlab chiqilib, kunlik, haftalik mashgʻulotlari tahlil etib borildi. Karantin kunlari har bir sportchi, uning oila aʼzolari bilan alohida-alohida muloqotlar oʻtkazildi. Jismoniy va ruhiy muvozanatlari biriktirilgan shifokorlar, diyetolog va ruhshunoslar orqali kuzatuvda boʻldi. Zarur hollarda oilasiga, mahallasiga kerakli yordamlar koʻrsatildi. Toʻgʻri, pandemiya tufayli rejadagi oʻquv mashgʻulotlarning dasturiga oʻzgartirishlar kiritildi, ammo ularning mohiyati, tub negizi asl holat, reja asosida davom ettirilmoqda.

    Sportchilarimizning Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga munosib tayyorgarlik koʻrishini taʼminlash maqsadida 13 ta sport turi boʻyicha 18 ta xorijiy trener jalb qilingan. Ularning aksariyati, aniqrogʻi, 15 nafari karantin davrida ham yurtimizda qolib, shogirdlari bilan onlayn shugʻullandi. Bundan tashqari, Olimpiya sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalarga jalb etilgan xorijlik malakali trener-maslahatchi va mutaxassislar bilan hududlardagi yosh va iqtidorli sportchilar uchun onlayn mahorat darslari oʻtkazilmoqda. Negaki, bu yoshlar oʻzbek sportining ertasi, aynan ular vaqti kelib, terma jamoalardan oʻrin egallaydi. Aniq misollar bilan aytadigan boʻlsam, shu kungacha Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan yaponiyalik mutaxassis Tomu Tori ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlarida, Oʻzbekiston VTF taekvondo assotsiatsiyasi tashabbusi bilan janubiy koreyalik mutaxassis Jing Yung Kim ishtirokida Andijon, Fargʻona hamda Namangan viloyatlarida, Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi tashabbusi bilan murabbiylar ­Arsen Axmetov hamda Zaza Silagadze ishtirokida barcha hududlarda, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasida faoliyat yuritayotgan rossiyalik Boris Jgir ishtirokida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida onlayn seminar hamda mahorat darslari tashkil etildi. Tajribali murabbiylardan bugun olinayotgan bilim va tajriba esa ularga kelgusi faoliyatida qoʻl kelishiga shubha yoʻq.

    2021-yilga qoldirilgan Olimpiya oʻyinlariga hozirgacha sportchilarimiz 15 ta sport turi boʻyicha (tennis, velosiped, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yunon-rum kurashi, ogʻir atletika, sport gimnastikasi, yengil atletika, zamonaviy beshkurash, taekvondo WTF, boks, para oʻq otish, parakanoe, para suzish, para yengil atletika, para taekvondo) jami 40 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritgan. Afsuski, pandemiya sababli Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalarni toʻgʻridan-toʻgʻri taqdim etuvchi 20 ga yaqin xalqaro musobaqa oʻtkazilmay qoldi. Hozir Xalqaro olimpiya qoʻmitasi qoldirilgan saralash musobaqalarining muddatlarini koʻrib chiqmoqda.

    Respublika maxsus komissiyasi Olimpiya sport turlari boʻyicha mamlakat terma jamoasi aʼzolariga sport majmualarida Tokio oʻyinlariga tay­yorgarlik koʻrishni boshlashga ruxsat berdi. Shunga asosan, hozir terma jamoalarimiz aʼzolari maxsus bazalarda karantin qoidalariga qaʼtiy amal qilgan holda va shifokorlarning doimiy nazorati ostida oʻquv yigʻinlarga kirishgan. Tahlillarimizga koʻra, sportchilarimiz 22 ta sport turidan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining yana 74 ta yoʻllanmasini qoʻlga kiritish ostonasida turibdi. Albatta, yutuqlar oʻz-oʻzidan qoʻlga kiritilmaydi. Har bir yoʻllanma ortida tinimsiz mehnat, eʼtibor, trener va mutaxassislarning izlanishlari yotadi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida oʻtgan yildan eʼtiboran Olimpiya — 2020 shtabi samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

    — Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalardan biri ommaviylikni oshirish, aholi orasida jismoniy madaniyatni shakllantirishdan iborat. Bu borada qanday ishlar olib borilmoqda?

    — Jismoniy tarbiya va sport vazirligi yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini faol targʻib etish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi ijrosini taʼminlash maqsadida tizimli ravishda joylarda “Yoshlar haftaligi”, “Mahalla va nuroniylar haftaligi”, “Taʼlim muassasalari haftaligi”, “Xotin-qizlar haftaligi” musobaqalarining kalendar rejasi ishlab chiqib, shu kungacha minifutbol boʻyicha hududiy jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari kubogi uchun musobaqalar oʻtkazildi. Unga jami 106 056 nafar uyushmagan yosh jalb etildi, eʼtiborlisi, shundan 35 866 nafarini xotin-qizlar tashkil qildi.

    Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan pandemiya talablari asta-sekin yumshatilib borishi natijasida 2020-yil iyun oyida vazirligimiz tashabbusi bilan jami 329 ta ommaviy sport tadbiri oʻtkazildi. Mazkur tadbirlar karantin qoidalari asosida ishtirokchilar soni 30-40 kishidan oshmagan holda tashkil etildi. Shuningdek, “Yoshlar oyligi” hamda 23-iyun — Xalqaro Olimpiya kuni munosabati bilan bir qator sport tadbirlari tashkil etildi. Masalan, 22-iyun kuni Toshkent shahridagi “Eko park” sayilgohida 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan musobaqalar hamda taniqli sportchilar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Sport musobaqalari doirasida shahardagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablarining oʻquvchi yoshlari voleybol, badminton, minifutbol hamda stol tennisi boʻyicha oʻzaro bahslashishdi. Shuningdek, 28-iyun kuni “Yoshlar oyligi” doirasida respublikamizning barcha hududlari boʻylab onlayn yugurish marafoni oʻkazildi. Unda 2 ming 500 ga yaqin yurtdoshimiz roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, shundan 1 500 nafari ­onlayn yugurish marafonida oʻz imkoniyatini sinab koʻrdi. Bu kabi tadbirlar mamlakatimizning barcha “yashil” hududlarida tashkil etildi.

    Ommaviylik borasida soʻz ketganda, Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoniga muvofiq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan oʻzaro hamkorlikda jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashish, aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va aholiga qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Jismoniy tarbiya va sport rivojlangan eng yaxshi mahalla” koʻrik-tanlovi oʻtkazishi belgilangan. Mazkur koʻrik-tanlovning birinchi bosqichi tuman(shahar)lar kesimida iyun oyida, ikkinchi bosqichi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida oktyabr oyi yakuniga qadar oʻtkazilishi koʻrsatilgan. Hozir aholining jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishi boʻyicha birinchi bosqich sovrindorlarini aniqlash maqsadida respublikamizda mavjud 9 145 ta mahalladan 3 200 tasi boʻyicha maʼlumotlar respublika ishchi guruhiga taqdim etildi.

    — Samarqand shahrida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiali tashkil etildi. Bu taʼlim muassasasida qanday mutaxassislar tayyorlanadi?

    — Oʻzbekiston Prezidenti qaroriga muvofiq 2019-yil 8-mayda tashkil etilgan ushbu filialga 2019-2020 oʻquv yilida 150 nafar (shundan 45 tasi davlat granti asosida) talaba oʻqishga qabul qilindi. Filial binosida amalga oshirilayotgan ishlar yakuniga yetmaganligi sababli 2019-2020 oʻquv yilida talabalar Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida shu oliygohning professor-oʻqituvchilari rahbarligida tahsil olishdi. Mazkur filialda sport faoliyati yoʻnalishi, yaʼni sportning asosan oʻyin turlari, jumladan, futbol, voleybol, basketbol, qoʻl toʻpi, tennis va yengil atletika boʻyicha mutaxassislar, trenerlar tayyorlanadi.

    Manzilli dastur doirasida Rossiya davlat jismoniy tarbiya, yoshlar, sport va turizm universitetining Samarqand filiali uchun

    400 oʻrinli yotoqxona qurilishi hamda mavjud oʻquv binolarini taʼmirlash uchun jami 21,0 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlanish arafasida.

    PS: Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, bu yil barcha jabhalarda boʻlgani kabi jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari uchun ham sinovli yil boʻlmoqda. Belgilangan koʻplab sport musobaqalari oʻtkazilmadi, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari bekor qilindi. Lekin hali yil yakunlangani yoʻq. Hozir Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda 2020-yilning qolgan davri uchun alohida, qisqartirilgan sport musobaqalari taqvimini ishlab chiqmoqda. Bunda muhim chempionatlar, xalqaro turnirlar eʼtibordan chetda qolmaydi. Karantin davri ortda qolishi bilan shiddatli sport musobaqalari, qizgʻin bellashuvlar davri boshlanadi. Ayniqsa, aholining turli qatlamlarini qamrab oladigan ommaviy sport tadbirlariga keng oʻrin beriladi. Maqsad aniq — yurtdoshlarimiz orasida faol sogʻlom turmush tarzi koʻnikmasini shakllantirish, aholi salomatligini yana-da mustahkamlash.

    Bugun mamlakatimizda sport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng islohotlar, bunyodkorlik ishlari yaqin kelajakda oʻzbek sportining imkoniyatlari cheksizligini va istiqbolini jahonga namoyon etadi. Muhimi, jismoniy tarbiya va sportga berilayotgan eʼtibor orqali millat genofondi sogʻlomlashadi. Sogʻlom millat esa ulkan gʻalabalarga, qolaversa, intellektual yuksalishlarga qodir.

    Toʻlqin Roʻziyev suhbatlashdi.