Milliy Olimpiya qoʻmitasi maʼlum qilishicha, terma jamoa aʼzolari mahalliy ob-havo sharoitiga moslashgan holda ushbu muhim musobaqaga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish uchun BAA safariga 34 nafar sportchi, 9 nafar murabbiy, 2 massajchi va 1 shifokor yoʻl oldi.
Sportchilarimiz 7-fevralga qadar Dubay shahrida xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻini oʻtkazishi rejalashtirilgan.
Yigʻin oldidan Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev boshchiligidagi har ikki tashkilot mutasaddi rahbarlari nufuzli musobaqaga katta maqsadlar bilan yoʻl olayotgan sportchilarimiz bilan uchrashdi.
MOQ rahbari sportchilarimiz bilan suhbatlashar ekan, ularni yangi 2021-yil – Olimpiya va Paralimpiya yili bilan qutlab, boʻlajak musobaqalarda omad va zafarlar tiladi. Oʻz navbatida para-atletlarimiz yaratib berilayotgan barcha sharoit hamda yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun davlatimiz rahbariyatiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, hozirgi kungacha 16 nafar Paralimpiya sportchilarimiz Tokio-2020 yozgi Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan.