Yaponiya poytaxti Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XVI Paralimpiya oʻyinlariga mamlakatimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Yakunda 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medalini qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida 160 dan ziyod davlat orasida 16-oʻrinni egalladi.
Para yengil atletika musobaqasining F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Boburjon Omonov 14,06 metr natijani qayd etib, olimpiada chempionligini qoʻlga kiritdi. Shu bilan birga, yadro uloqtirish boʻyicha paralimpiya rekordini yangiladi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov soʻz olib, Paralimpiya oʻyinlarining barcha ishtirokchilarini, xususan, Boburjon Omonovni erishgan yutugʻi bilan qutladi. Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlarning sport bilan shugʻullanishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuksak natijalarga erishayotgan andijonlik sportchilar xususida gapirdi.
Viloyat hokimi Prezident farmoniga asosan “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan, paralimpiada chempioni va rekordchisi Boburjon Omonovga Andijon shahrida qad rostlagan 16 qavatli yangi uyning 2 xonali kvartirasi kalitini tantanali ravishda topshirdi.