Musobaqaning tantanali ochilish marosimida Oʼzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri oʼrinbosari Shahrillo Mahmudov, Oʼzbekiston Milliy paralimpiya qoʼmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev, Oʼzbekiston davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmud Boltaboyev, “Аmirsoy” togʼ changʼi kurorti bosh direktori Saidvali Saidxoʼjayev soʼzga chiqib, soʼnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan qishki sport turlariga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani, barpo etilayotgan zamonaviy sport majmualaridan unumli foydalangan holda para atletlarimizni qishki Paralimpiya oʼyinlarida ham munosib ishtirok etishini taʼminlash boʼyicha tizimli ishlar yoʼlga qoʼyilayotganini taʼkidlashdi.

Qiziqarli kechgan musobaqa yakunlariga koʼra, para togʼ changʼisi boʼyicha ayollar oʼrtasida Аsel Turdimuratova gʼoliblikni qoʼlga kiritdi. Ikkinchi oʼrin esa Yulduz Mahmudovaga nasib etdi.

Erkaklar oʼrtasidagi bahslarda Firdavs Hidoyatovga teng keladigani topilmadi. Kumush medalga Kamron Аbduvohidov sazovor boʼldi.

Bundan tashqari, para snoubord hamda aravachada kyorling boʼyicha saralash tadbirlari oʼtkazilib, iqtidorlilar tanlab olindi.