Hozirda Oʼzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi tomonidan Respublikamizdagi murabbiy va hakamlar uchun yangi qoidalar boʼyicha seminarlar oʼtkazilmoqda. Shu paytgacha Toshkent shahri, Fargʼona, Аndijon, Namangan, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi mutaxassislar yangi qoidalardan boxabar qilindi. Reja boʼyicha keyingi seminar Nukus shahrida Xorazm viloyati hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi vakillari uchun oʼtkazilishi koʼzda tutilgan.
Xoʼsh, oʼzi bu oʼzgarishlar nimalardan iborat? Parij-2024 siklidagi taekvondo nimasi bilan farq qiladi? Keling, bu borada asosiy oʼzgarishlarga toʼxtalsak.
Аvvalo, gʼolib “2/3 raunddagi gʼalaba” tizimi asosida aniqlanishiga toʼxtalish joiz. Bunda har bir raund yakunida gʼolib eʼlon qilinadi va ketma-ket ikki raundda gʼalaba qozongan taekvondochi bahs taqdirini oʼz foydasiga hal qiladi. Bu esa avvalgidek “oltin ochko” uchun kechadigan toʼrtinchi raund boʼlmasligini anglatadi.
Bordiyu ikki taekondochi bir raunddan gʼalaba qozonsa va uchinchi raundda hisob teng boʼlsa, gʼolibni aniqlash uchun eng avval umumiy raundlardagi ochkolar yigʼindisiga qaraladi. Bu esa har bir boʼlimda sportchilarga maksimal darajada ochko ishlash kerakligini anglatadi. Аgar bu boʼyicha ham tenglik kuzatilsa, texnik jihatdan murakkabroq zarba ijrosiga qaraladi. Unda ham gʼolib aniqlanmasa, ogohlantirishlar soniga eʼtibor beriladi. Mabodo bu boʼyicha ham tenglik kuzatilsa, gʼolibni aniqlash bahs referilariga havola qilinadi.
“Yangi qoidalarda oʼziga yarasha murakkabliklar bor. Seminarlar davomida assotsiatsiyamiz bosh hakami Dmitriy Kim bilan mutaxassislarimizga barchasini batafsil tushuntirmoqdamiz. Endi xalqaro musobaqalar qatori ichki chempionatlarda ham yangi oʼzgarishlar boʼyicha hakamlik qilinadi. Shu bois mahalliy musobaqalarimiz davri boshlanguncha viloyatlardagi barcha murabbiy va hakamlarimizga oʼzgarishlarni tushuntirishimiz lozim”, dedi viloyat boʼlimlari bilan ishlash mutaxassisi Husniddin Xodjamkulov.
Shuningdek, ogohlantirishlar koʼrsatish, baʼzi zarbalar ijrosidagi texnik harakatlar, oʼsmirlar va yoshlar oʼrtasidagi vazn toifalarida ham oʼzgarishlarni uchratish mumkin.