Parijdagi Arab dunyosi institutida «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari» ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy dastur doirasida O‘zbekistonda suratga olingan “Moxov” (1928) va «Burilish: uning huquqi» (1931) nomli ovozsiz filmlar namoyishi hamda konser dasturi bo‘lib o‘tdi.
Filmlar namoyishini Respublika kinofondi direktori Eljon Abbosov va kinoshunos, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik institutining «Kino va televideniya» bo‘limi mudiri, sanʼatshunoslik fanlari doktori Nigora Karimova taqdim etdi.
Madaniy-maʼrifiy kechada Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa sanʼati instituti dotsenti Abror Zufarov rahbarligidagi musiqiy jamoa o‘z dasturi bilan chiqish qildi.
100 dan ziyod Fransiyaning taniqli kinoshunos va musiqa sanʼati ixlosmandlari ishtirok etgan tadbir fransuz jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Ushbu madaniy dastur O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanʼat va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida o‘tkazildi.
Tadbir qatnashuvchilari O‘zbekistonda kinematografiya sohasi boy tarixga egaligi hamda uning jaxon kinoindustriyasi rivojiga katta hissa qo‘shganini eʼtirof etishdi.
Xususan, Annik Rafinon namoyish etilgan ikki film unda katta taassurot qoldirganini taʼkidladi.
«1928 – 1931-yillarda suratga olinganligiga qaramasdan ushbu filmlardagi aktyorlar o‘z rollarini yuksak mahorat bilan ijro etgani meni hayratga soldi», dedi u.
Tadbir ishtirokchilaridan yana biri Lamiya Merabet o‘zbek madaniyati, sanʼatiga qiziqishi yuqoriligi va ushbu tadbir fransuz kino ixlosmandlariga uchun o‘zgacha kayfiyat taqdim etganini bildirdi.
«Bugun taqdim etilgan filmlarni ko‘rib o‘sha davr hayoti, insonlarning turmush tarzi bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ldim va o‘zbek kinosanʼati tarixiga qiziqishim yana-da ortdi», dedi u.