Sessiyada deputatlar bilan birga tuman sektor rahbarlari, hokim oʻrinbosarlari, tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va jamoat tashkilotlari vakillari taklif etildi.
Shuningdek, sessiya ishida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga befarq boʻlmagan fuqarolarning ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratildi.
Tuman hokimi M.Hamdamov Paxtachi tumanini 2020-2021-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali “qizil” hududdan chiqarish yuzasidan hisobot berdi.

Reyting koʻrsatkichlariga koʻra, tuman 2019-yil yakunlari boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi 13,27 balni tashkil etib, Samarqanddagi shahar va tumanlar orasida eng oxirgi oʻrinni egallagan.
Paxtachi tumani nega “qoniqarsiz” hududga tushib qoldi?
Birinchidan, 2019-yilda virtual va xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan takroriy murojaatlar soni 397 taga yetgan. Bu hududda istiqomat qiluvchi har ming kishidan 3 nafari murojaat qildi degani. Viloyatda eng oxirgi oʻrinda.
Ikkinchidan, iqtisodiy faol aholi soni 59 ming nafarni tashkil etib, hisobot davrida bu koʻrsatkich 53 ming nafarni tashkil etgan. Iqtisodiy faol aholiga nisbatan 90,4 foiz bilan viloyatda 15-oʻrinda.
Uchinchidan, xotin-qizlarning bandlik darajasi 85,5 foizni tashkil qilib, viloyatda 13-oʻrinda.
Toʻrtinchidan, 2019-yilda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari 201,0 mlrd. soʻm boʻlib, ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotini 5 mlrd. soʻmi eksportga yoʻnaltirilgan. Bu esa oʻz navbatida ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining 2,3 foizini tashkil etgan.
Beshinchidan, 2019-yilda isteʼmol tovarlar ishlab chiqarish hajmi
148,3 mlrd. soʻm boʻlib, aholi jon boshiga 1023,0 ming soʻmni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich boʻyicha viloyatda 15-oʻrinda.
Oltinchidan, 2019-yilda tumanda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi 8,2 mlrd. soʻmni tashkil etib, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning umumiy investitsiyadagi ulushi 3,1 foizini tashkil etgan.
Yettinchidan, 2019-yilda markazlashmagan investitsiya xajmi
243,4 mlrd. soʻm boʻlib, aholi jon boshiga hisoblanganda 1707 ming soʻmdan toʻgʻri kelgan. Bu sohada ham viloyatda 9-oʻrinda.
Sakkizinchidan, 2019-yilda tumandagi qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarga suvni tejovchi texnologiyalar bilan taʼminlanganlik darajasi qoniqarsiz ahvolda ekanligi, yaʼni bu sohada tumanda umuman ishlar amalga oshirilmaganligi natijasida viloyat eng oxirgi oʻrinda.
Toʻqqizinchidan, 2019-yilda eksport hajmi 3668,8 ming AQSH dollarini tashkil etib, aholi jon boshiga 26,0 AQSH dollarni tashkil etgan hamda viloyatda 13-oʻrinda.
Tuman hokimining hisobotida qayd etishicha, joriy yil yakunigacha tumanda qiymati 206,0 mlrd. soʻmlik 21 ta sanoat ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi va hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 109,9 foizga yetadi.

Shuningdek, tumandagi 3 ta korxonani eksport faoliyatiga jalb etish evaziga yil yakunigacha 6060,0 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish rejalashtirilgan (hozirgacha 2905,0 ming AQSH dollarlik eksport qilingan).
2020-yil yakuni bilan jami 325,0 mlrd. soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtiriladi va 80,0 mlrd. soʻmi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati ostida boʻlmagan xorijiy kredit mablagʻlari hisobidan tashkil etadi.
Tumanda aholi bandligini taʼminlash hamda sanoat ishlab chiqarish hajmini kengaytirish maqsadida tumanning Sh.Qahhorov massivida 20,0 gektar maydonda sanoat klasteri tashkil etiladi.
2020-yil yakuniga qadar yangi tashkil etilgan “Ziyovuddin silk” pillachilik klasteri tomonidan 400 tonna pillani qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi. Natijasida 100 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi va yiliga eng kami 3 mln. dollarlik mahsulotlar eksportga yoʻnaltiriladi.
2021-yil 1-iyulgacha “Paxtachi klaster” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 50,0 mlrd. soʻmlik paxta tolasidan mato ishlab chiqarish va texnik chigitni qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi va 300 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi;
2020-2021-yillarda “SFX GLAS SAMARQAND” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 412,0 mlrd soʻmlik kvars qumini qazib olish, qumni qayta ishlash va import oʻrnini bosuvchi hamda eksportbop oyna mahsulotlarni ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiriladi. Natijada 350 ta yangi ish oʻrinlari yaratishga erishiladi hamda 20,0 mln. dollar investitsiya kiritiladi.
Hisobotda tumanda ijtimoiy sohadagi muammo va kamchiliklar ham qayd etilib, ularni bartaraf etish choralari haqida maʼlumot berildi.
- Paxtachining “qizil” hudud deb belgilangani uchun Prezidentimizdan, tumanimiz xalqidan uzr soʻrayman, - dedi M.Hamdamov. - Biz toʻrt sektor rahbari tumanimizni ushbu vaziyatdan chiqarish boʻyicha zarur choralarni koʻramiz. Bu borada yoʻl xaritasi tuzib olganmiz. Belgilangan vazifalarni bajarsak, 2021-yil yakuniga qadar Paxtachini “yashil” hududga kiritamiz.
Sessiya yakunlangach tuman hokimi M.Hamdamov va Oliy Majlis Senati aʼzosi F.Toshev ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.
