Paxtachi tumani dehqonlari paxtachilikda ham gʻallachilikda ham katta tajribaga ega. Bu yerda yaxshigina maktab shakllangan. Ayni kunlarda tuman dalalarida paxta yigʻim-terimi mavsumi bilan birgalikda 2022-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari ekish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Joriy yilda tumandagi 225 ta fermer xoʻjaliklari va 2 ta klaster korxonalarining 6 ming 254 gektar yer maydoniga gʻallaning iqlim sharoitiga mos ertapishar va hosildor navlari ekilmoqda.

Shu maqsadda otryadlar shakllantirilib, kuzgi agrotexnik tadbirlar tizimli asosda olib borilmoqda, mavjud 6 ta zamonaviy gʻalla ekish seyalkalaridan unumli foydalanilmoqda.

Kuzgi boshoqli don ekinlarining oʻz vaqtida va sifatli ekilishi “Oʻzagroinspeksiya”ning Paxtachi tuman boʻlimi tomonidan nazorat qilinmoqda.

Oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida 2022-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish ishlarini asossiz ravishda kechiktirayotgan fermer xoʻjaliklari ham uchramoqda.

Xususan, inspeksiyaning Paxtachi tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida tumandagi “Xasan bobo” fermer xoʻjaligining 45 gektar,  “Nihol zamini” fermer xoʻjaligi 15 gektar, “Muhammad koʻklam yerlari” fermer xoʻjaligiga qarashli 20 gektar, “Nazar Rahimov yerlari” fermer xoʻjaligining 9 gektar yer maydoniga kuzgi boshoqli don ekinlari ekilmaganligi aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, fermer xoʻjaliklari rahbarlariga nisbatan  Oʻzbekiston Respublikasining MJtKning tegishli moddalariga asosan qonuniy chora koʻrishlik uchun hujjatlar rasmiylashtirilmoqda, deb xabar berdi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.