Joriy yilning 27-mart kuni oʻqituvchilarni mehnatga majburlaganlik uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi va mehnatga noqonuniy aralashganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonun qabul qilindi. Unga koʻra, pedagog xodimni mehnatga biron–bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirildi. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 33 mln soʻmgacha (BHMning 100 baravari) jarimaga sabab boʻlsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 49.5 mln soʻmgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin;

Taʼlim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish uchun ham maʼmuriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,31 mln soʻmdan 4,95 mln soʻmgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3.3 mln soʻmdan 6.6 mln soʻmgacha jarima belgilanmoqda;

Ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq belgilanishi mumkin.

Buning natijasida jamiyatda oʻqituvchilarni nufuzi va obroʻsini koʻtarishga erishildi va ularni majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga butunlay barham berildi hamda 306 ming nafar pedagog–xodimlarning huquqlarini himoya qilish taʼminlandi;

Bundan tashqari, pedagog–xodimlar tomonidan yuritiladigan hujjatlar soni keskin kamaytirildi. Xususan, oʻqituvchilarning hisobotlari hozirgi paytda 1 ta (ilgari – 7 ta), oʻquv ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarining hujjatlari 2 ta (ilgari – 10 ta), maʼnaviy–maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarining hujjatlari 7 ta (ilgari – 18 ta), sinf rahbarlarining hujjatlari 4 ta (ilgari – 10 ta) etib belgilandi.

Xulosa

“Oʻqituvchilardan hamma moʻjiza kutadi. Ular moʻjiza koʻrsatganida esa, hech kim hayratga tushmaydi”, deb yozgan edi avstriyalik yozuvchi Mariya Ebner. Darhaqiqat, oʻqituvchilar farzandlarimizni inson sifatida kamolga yetkazib, ularga bilim durdonalarini berib, haqiqiy moʻjiza koʻrsatadilar. Bu ulkan mashaqqat va matonat, fidoyilik talab qiladigan kasbdir.

Shunday ekan, koʻp yillar davomida oʻqituvchilarga past nazar bilan qaralishi, ushbu kasbning qadrsizlanishi jamiyatning eng katta xatosi edi. Bu xatoni ochiq tan olib, uni tuzatish sari qoʻyilgan har qanday qadam yoshlarimizning kelajagi uchun qoʻyilgan qadamdir. Pedagoglik – yuksak maqom va masʼuliyat. Buni barchamiz anglab yetishimiz, muallimlarimizga munosabatda avvalo shunga tayanishimiz lozim.