Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda Urganch shahridagi “Jambul” mahallasining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchisi B.X. fuqaro Sh.Yu.ning ishonchiga kirib, goʻyoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali uning turmush oʻrtogʻi Z.K.ning yoshga doir pensiya miqdorini koʻpaytirib berishini aytgan.
Shu xizmat evaziga B.X. Sh.Yu.dan 15 mln soʻmni firibgarlik yoʻli bilan olgan. Keyinchalik ushbu mablagʻning 14,9 mln soʻmini Sh.Yu.ga qaytarib berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.