Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi mutasaddilari, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari va OAV vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 2-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida pillachilik va qorakoʻlchilikni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasining tashkil etilishi mamlakatimiz agrar sohasinining ikki muhim tarmogʻi taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichini belgilab berdi. Qoʻmita faoliyati natijasida pillachilik sohasida olib borilayotgan islohotlar jadallashdi. Shuningdek, yillar davomida eʼtiborsiz qolgan qorakoʻlchilik sohasini toʻliq qayta tiklab, qishloq xoʻjaligidagi eng serdaromad sohaga aylantirish borasida yaxlit tizim yaratilmoqda.
Matbuot anjumanida dastlab pillachilik sohasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Bunda ayniqsa urugʻchilikka alohida urgʻu berildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda 11 ta ipak qurti urugʻchiligi korxonalarida mahalliylashtirish evaziga urugʻi importini bosqichma-bosqich qisqartirish boʻyicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
2021-yilda respublikamiz boʻylab 401 ming 261 quti ipak qurti urugʻi parvarish qilinib, 22 ming 470 tonna pilla xomashyosi yetishtirish maqsad qilingan. Buning uchun barcha sharoit yaratildi.
Pillakorlarimiz tomondan bahorgi I va II pilla yetishtirish mavsumlarida foydalanilishi uchun yurtimizdagi urugʻchilik zavodlarida 2022-yil uchun sanoatbop ipak qurti urugʻlari tayyorlash uchun Xitoy Xalq Respublikasidan 236 ming 524 quti super elita ipak qurti urugʻlari keltirildi. 2021-yilning 16-mart kuni Pekin-Navoiy yoʻnalishida maxsus charter reys orqali ipak qurti urugʻlari mamlakatimizga keltirildi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda ham sifatli sanoatbop ipak qurti urugʻlarini tayyorlash ustida ish olib borilmoqda. Hozirgi kunda jami 11 ta korxona (“Karmana ipak qurti urugʻi” MCHJ, “Huashen Silkworm Pro” MCHJ, “Sof ipak invest” MCHJ, “Andigon Guang Tong” MCHJ XK, “Asaka Silk Worm” MCHJ va “Urgench Silk Worm Pro” MCHJ) tomonidan Xitoy texnologiyasi asosida ipak qurti urugʻlari tayyorlanmoqda. Mahalliy urugʻchilik korxonalari tomonidan takroriy mavsumda parvarishlash uchun 21 700 quti, 2021-yil bahor mavsumi uchun 164 151 quti, joriy yilda jami 185 851 quti sanoatbop ipak qurti urugʻlari tayyorlandi.
Shuningdek, ipak qurtining mahalliy zot va duragaylarini koʻpaytirish maqsadida Samarqand va Fargʻona viloyatlarida superelita va elita urugʻlarini tayyorlaydigan 2 ta naslchilik korxonalari ishga tushirilib, 2020-yilning oʻzida 2,4 ming ta dastlabki tuxum quymalari, 196 quti superelita va 1 800 quti elita urugʻlari tayyorlandi.
Shuningdek matbuot anjumanida qorakoʻlchilikni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarga ham alohida urgʻu berildi. Taʼkidlanganidek, qisqa vaqt ichida klaster usulida ishlashni joriy etish natijasida yakka tartibdagi chorvadorlarni kooperatsiya usulida birlashtirish va sanoat loyihalarini amalga oshirish tufayli sohada aniq natijalarga erishilyapti.
Jumladan, Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan 48 ta qorakoʻlchilik klasteri tashkil etilib, ularga yaylov maydonlari nol stavkada ijaraga berildi. Qorakoʻlchilik klasterlari 8 129 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt bilan kooperatsiya shaklida faoliyatni yoʻlga qoʻydi. 2020-yil yakuni bilan jun va terini qayta ishlash, boʻrdoqichilik komplekslarini tashkil qilish orqali 23 mlrd soʻmlik investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilib, 1 280 yangi ish oʻrinlari yaratildi. Joriy yilda 15 mln dollarlik qorakoʻlchilik mahsulotlarini eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan
2021-yilda 175 ta investitsion loyihalar doirasida 42,2 mln AQSH dollari miqdorida investitsiyalarni oʻzlashtirish, soha boʻyicha jami 145 500 ta yangi ish oʻrinlari yaratish koʻzda tutilgan.
Maʼlumki, qorakoʻlchilik sohasining ozuqa bazasining asosini yaylovlar tashkil etadi. Yillar davomida yaylovlardan notoʻgʻri foydalanilishi, ozuqa ekinlarini tabiiy va madaniy usulda koʻpaytirishga ilmiy asoslangan holda yondashilmaganligi oqibatida ularning katta qismi degradatsiyaga uchragan yoki foydalanishdan chiqib ketgan.
Qoʻmita tasarrufidagi 17,4 mln gektar yaylov maydonlarining 8,3 mln gektari yoki 48 foizi turli darajada degradatsiyaga uchragan, 1,8 mln gektari yoki 11 foizi foydalanishga yaroqsiz. Ularni yaroqli holga keltirish yoʻnalishida Qoʻmita tomonidan zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 9-fevral kuni qabul qilingan “Qorakoʻlchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga ham alohida ahamiyat berildi. Qayd etilganidek, Qarorga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2021-yil 1-martga qadar qorakoʻlchilik klasterlari tomonidan qoʻy va echkilarni boʻrdoqiga boqish komplekslarini tashkil etish maqsadida ularga qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlarni foydalanishga kiritish sharti bilan ozuqalar yetishtirish uchun yer maydonlari ajratilishi belgilangan. Bugungi kunda Respublikamizda 12 885 gektar suvli yer maydonlari chorvachilik klasterlariga ajratildi.
Bu asosan oborotdan chiqqan yerlar boʻlib, klasterlar ularning meliorativ holatini yaxshilaydi, zarur hollarda shoʻrini yuvish ishlarini tashkil etadi va ozuqabop ekinlar ekadi. Hozir bahor mavsumi boʻlgani bois, bu ishlar avjida.
Shuningdek, Qarorga muvofiq, Moliya vazirligi tomonidan 100 milliard soʻm mablagʻlarni “Turonbank” ATBga Markaziy bank asosiy stavkasida ajratildi. “Turon bank” ATB mazkur bandga asosan ajratiladigan mablagʻlarni Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi aʼzolariga 3 yil muddatgacha, shu jumladan bir yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasiga 2 foizlik bank marjasini qoʻshish orqali hisoblanadigan stavka boʻyicha kredit sifatida taqdim etmoqda. Bugungi kunda Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasiga aʼzo klasterlar tomonidan 175 ta (47 222 ming AQSH dollari) investitsion loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan 55 ta (5 008 ming AQSH dollari) junni qabul qilish va qayta ishlash zavodi, 39 ta (7 913 ming AQSH dollari) donador omuxta yem ishlab chiqarish korxonasi, 8 ta (5 600 ming AQSH dollari) terini qayta ishlash zavodi hamda 73 ta (28 701 ming AQSH dollari) boʻrdoqichilik komplekslarini tashkil etish koʻzda tutilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun klasterlar tomonidan 28 134 ming AQSH dollari miqdorida bank kreditlari soʻralgan boʻlib, bugungi kunda Samarqand viloyatida 1 ta klasterga 500 mln soʻm va Navoiy viloyatida 3 ta klasterga 1 mlrd 170 mln soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratib berilgan. Kredit soʻrab murojaat qilgan boshqa klasterlar bilan zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va garov masalasini hal qilish ishlari olib borilmoqda. Bunda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi bilan yaqin hamkorlik olib borilmoqda.
Ushbu kredit mablagʻlari naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklaridan qoʻylar xarid qilish; qorakoʻlchilik sohasida eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha terini qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, bu mablagʻlar qorakoʻlchilik subyektlari tomonidan ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etilishini hamda qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlari, resurs tejovchi uskunalar va zamonaviy texnologiyalar xarid qilinishini moliyalashtirish; suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini taʼmirlash va modernizatsiya qilish boʻyicha loyihalarga sarflanmoqda. Ushbu kreditlarni berishda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiyalar ajratilmoqda.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar.