Pillachilik va qorako'lchilik: imkoniyat, natija va istiqbol

    2020 yilda tarmoq korxonalari tomonidan 76,5 million dollar (yillik prognoz 73,8 mln doll.) miqdorida ipak mahsulotlari eksport qilindi.

    2021 yil 3 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasida mazkur sohalardagi xalqaro hamkorlik istiqbollariga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Bu haqda Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Tadbirda Qo'mita rahbariyati, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari, konsullari va savdo-iqtisodiy masalalar bo'yicha maslahatchilar, klasterlarga a'zo bo'lgan ipak, qorako'l teri va junni qayta ishlash ishlash korxonalari vakillari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirdan ko'zlangan maqsad – ipakchilik va qorako'lchilik sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ushbu sohalarning investitsion va eksport salohiyati taqdimotini o'tkazishdan iborat bo'ldi.

    Ta'kidlanganidek, O'zbekiston ipak ishlab chiqarish hajmi bo'yicha Xitoy va Hindistondan keyin dunyoda uchinchi o'rinni egallaydi. Shu jihatdan ipak valyuta tushumlarining ishonchli manbai hisoblanadi. Sohadan olinayotgan hosilning 70 foizi xom-ashyo, quritilgan pilla, ipak kalava va mato ko'rinishida Hindiston, eron, Xitoy, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Rossiya kabi mamlakatlarga eksport qilinadi. Bundan tashqari, pillachilik qishloq joylaridagi ko'plab oilalar bandligini ta'minlaydi. Shu jihatdan mazkur soha investitsiyalar uchun jozibador tarmoq hisoblanadi.

    Prezidentimizning tashabbusi bilan so'nggi yillarda pillachilik sohasida boshlangan islohotlar bugungi kunda o'z natijasini bermoqda.

    Pandemiya sababli butun dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, xorijiy hamkorlar bilan yo'lga qo'yilgan samarali aloqalar natijasida, 2020 yilda tarmoq korxonalari tomonidan 76,5 million dollar (yillik prognoz 73,8 mln doll.) miqdorida ipak mahsulotlari eksport qilindi.

    O'z navbatida, qorako'lchilik ham eksport va investitsiyalar nuqtai nazaridan juda salohiyatli soha hisoblanadi. O'zbekistonda soha rivojiga davlat darajasida berilayotgan e'tibor tufayli qorako'lchilikda ham salmoqli natijalarga erishilyapti. Xususan, 2020 yilda olib borilgan naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etilishi natijasida 15 ming bosh yuqori naslli qorako'l zotli qo'ylar tayyorlanib, aholi va fermer xo'jaliklariga etkazib berildi.

    Qorako'lchilik mahsulotlarini qayta ishlash bo'yicha soha rivojlangan Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yiliga 200-250 ming dona qorako'l va qo'y terisini chuqur qayta ishlovchi zamonaviy korxonalarni tashkil etish ishlari yakunlanmoqda.

    Shuningdek, yig'ilishda 2021 yilda pillachilik va qorako'lchilik sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida ham ma'lumot berildi. Jumladan, qorako'lchilikda 15 ming tonna jun, 608 ming dona qorako'l teri, 6 ming tonna ip kalava ishlab chiqarilishi, 281 ta yangi korxona tashkil etish rejalashtirilgan.

    Pillachilik sohasida ham 2021 yilda «O'zbekipaksanoat» uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan ipak mahsulotlarini eksport qilish hajmi 86,6 million AQSH dollarini tashkil etishi, 935,7 ming dona tayyor ipakli mahsulot, 9154,7 ming p.m ipak mato ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

    Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar hamda mazkur sohalardagi investitsion va eksport imkoniyatlari bo'yicha batafsil ma'lumot berildi. Ishtirokchilar ushbu tarmoqlarda xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish borasida kelishib oldilar.